25 Fevral 2020 yil 571

Temir yo'ldagi qonunbuzarlik

Joriy yilning 17 oktyabr kuni soat 08:00larda Sharof Rashidov tumani, Xayrobod mahallasi, Zarguzar ko'chasi, 22-uyda yashovchi Ma'rufjon Temirov davlat raqami 25 J 497 FA bo'lgan "Neksiya" rusumli avtoulovida yo'lga shoshib chiqqandi. Aksiga olib kesishmada shlagbaum tushirilgan, temir yo'ldan "Afrosiyob" tezyurar poezdi o'tishi kutilayotgan edi.
Poezd o'tdi hamki, shlagbaum ko'tarilavermadi. Shunda Ma'rufjon Temirov po'lat otini qarama-qarshi yo'lga boshqardi. Shlagbaumning yopiqligi, svetaforning qizil chirog'i yonib turgani uni noqonuniy harakatdan to'xtatib qololmadi. Tabiiyki, buni ko'rgan temir yo'l nazoratchisi haydovchini to'xtashga undadi. Qonuniy talab uchar haydovchiga yoqmadi va u avtoulovidan tushib temir yo'l navbatchisini so'kib, haqoratlay boshladi. Bu kamlik qilganidek o'z xizmat vazifasini bajarayotgan temir yo'l xodimini toshbo'ron qildi.
Undan ham badtari, avtomashinasi bilan yo'lni to'sib temir yo'l kesishmasida bir necha minutlik tiqin hosil qildi. Ma'lumot o'rnida aytish kerakki, bu paytda temir yo'ldan boshqa poezd kelayotgan edi. Qisqasi, zo'ravon Ma'rufjon qaysidir darajada o'ziniki bilan birdek boshqa haydovchilarning ham hayotini xavf ostiga qo'ydi. Biror kor-hol ro'y berganida poezd halokatiga ham sababchi bo'lib qolishi hech gap emas edi.
Ushbu qonunbuzarlik 3 dekabr kuni Jizzax shahrining Jizzaxlik mahallasida Jizzax shahar ma'muriy sudi tomonidan ko'rib chiqildi. Ma'rufjon Temirov sudda aybini tan olib, engillik so'radi.
Sud huquqbuzarning qilmishini mayda bezorilik sifatida baholadi. Qonunbuzarlik O'zbekiston Respublikasi ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 183 - moddasi bilan malakalandi. Bu modda eng kam ish haqining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha ma'muriy qamoqni nazarda tutadi. Aybdorga 5 kunlik ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu davr uchun qamoq xarajatlari, ya'ni, 167 ming 250 so'm ham Ma'rufjon Temirovdan undirildi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi trasnportda xavfsizlikni ta'minlash bo'limi tomonidan temir yo'llarga tutash hududlarda qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan tadbirlar muntazam uyushtirilmoqda.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech