11 oylik faoliyat tahlil qilindi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida soha vakillarining joriy yilning 11 oyi davomida qonunbuzarliklarning oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan faoliyati tahlil etildi. Viloyat IIB, sohaviy xizmatlar mas’ullari, hududiy ichki ishlar boshqarma va bo’limlari boshliqlari hamda ularning o’rinbosarlari ishtirokida tashkil etilgan videoselektor yig’ilishini viloyat IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov boshqarib bordi.
Tanqidiy ruhda o’tgan tadbirda viloyatda umumiy jinoyatlar soni kamaygan bo’lishiga qaramasdan bir qator hududlarda ayrim turdagi qonunbuzarliklar ortishiga yo’l qo’yilgani bildirildi. CHunonchi, og’ir tan jarohati yetkazish holatlari Arnasoy, Zomin va Paxtakor tumanlarida, tovlamachilik jinoyati G’allaorol, Jizzax shahri hamda SHarof Rashidov tumanlarida ko’payganligi qayd etildi.
O’z navbatida jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan choralarni kuchaytirish, xususan tungi patrullikni samarali tashkil etish, jinoyat qilishi mumkin bo’lgan shaxslar bilan profilaktik tadbirlarni muntazam o’tkazish, joylarda inspektor-psixologlar faoliyatini jonlantirish, aholi murojaatlari bilan ishlash sifatini yaxshilash, qidiruvdagi shaxslarni ushlash, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari hamda xonadonlarni qo’riqlovga olish, kuzatuv kameralari sonini oshirish kabi qator masalalar ko’rib chiqilib, mas’ullarga kamchiliklarni bartaraf etish bo’yicha topshiriqlar berildi. SHuningdek, yo’l qo’yilgan nuqsonlar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.
Yig’ilishda viloyat, shahar va tumanlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo’yicha 3- sektor shtablarining faoliyatini kuchaytirish masalasi ham ko’rib chiqildi. Binobarin sektorlarda amalga oshirilgan ishlar shahar va tumanlar kesimida muhokama qilindi. Mazkur jarayonda asosiy e’tibor aholi muammolarini hal qilish nuqtai nazaridan mahalla faollari bilan hamkorlik qilish, jinoyatlarning oldini olish, sektor rahbarlarining shaxsiy tashabbusi asosida yirik loyihalarni amalga oshirishga qaratildi.