3- sektor rahbari aholi uchun zarur sharoit yaratish ishlarining borishi bilan tanishdi
Jizzax viloyati Zafarobod tumani Samarqand mahallasi “Obod xonadon”, “Obod ko`cha” va “Obod mahalla” dasturi doirasida obod qilinmoqda. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirov mahallada bo`lib, hududda amalga oshirilayotgan ishlarning borishi bilan tanishdi. Shuningdek, viloyat hokimligi hamda tuman mutasaddilari, korxona va tashkilotlar mas’ullari ishtirokida rejalangan ishlarning borishi muhokama qilindi.
Yig`ilishda infratuzilmani yaxshilash, elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlarini tortish, aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini ta’mirlash borasidagi ishlarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi. Shu bilan birga ayrim kamchiliklar ko`rsatilib, mutasaddilarga ularni hal etish vazifasi yuklatildi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i ehtiyojmand oilalarda ham bo`ldi. Xususan, Muhiba Dodoevaning mavjud muammolari tinglandi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi tibbiyot bo`limi shifokorlari tomonidan tibbiy ko`rik o`tkazildi.
Shu o`rinda, dastur doirasida mahallada shu kabi 13 ta ehtiyojmand oilalar ro`yxati shakllantirilgan va ushbu oilalarga yordam ko`rsatilishi rejalangan. Hozirda bu borada ham ish olib borilib, yashash uchun zarur qulaylikni yaratish choralari ko`rilayotir.
Bundan tashqari 3- sektor rahbari hududagi oilaviy tadbirkorlar bilan ham muloqotda bo`ldi. Ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, kelgusi rejalar bilan o`rtoqlashildi. Faoliyatni yanada kengaytirish orqali qo`shimcha ish o`rinlari yaratish bo`yicha tavsiya va takliflar bildirildi.
Ta’kidlash joiz, dastur doirasida mahalla fuqarolar yig`ini uchun yangi bino hamda profilaktika inspektoriga xizmat uyi bunyod etiladi. Hozirda mazkur bunyodkorliklar bilan birga 18- sonli o`rta umumta’lim maktabining isitish tizimini yangilash, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlari olib borilmoqda. Shu qatorda ichki yo`llarga asfalt hamda beton yotqazish, shag`allashtirish, piyodalar yo`laklari qurish, tungi yoritish, temir-beton ustunlar hamda transformatorlar o`rnatish, elektr tarmog`i tortish ishlari davom etayapti.
Qisqasi, obodlik doirasida aholi uchun zarur sharoitlar yuzaga keltirilib, mavjud masalalar bartaraf qilinadi. Shu nuqtai nazardan yoshlarning bo`sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida markaziy o`yingohni ta’mirlash bilan birga ko`chalarga kuzatuv kameralari hamda yo`l belgilari o`rnatilmoqda.
Amalga oshirilayotgan ishlar doirasida fuqarolar uchun zarur sharoit yuzaga keltirilib, mavjud muammolar hal etiladi va xonadonlar obodligiga erishiladi.