3-sektor rahbari jizzaxlik fuqarolar bilan muloqot o’tkazdi
Jizzax shahridagi Jizzaxlik mahalla fuqarolar yig’inida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirovning navbatdagi sayyor qabuli bo’lib o’tdi.
Tadbir avvalida 3- sektor rahbari 5 nafar yoshga O’zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportlarini tantanali ravishda topshirdi. “Temir daftar”ga kiritilgan 3 kishi esa boshqarma boshlig’idan maishiy elektrotexnika jihozlarini qabul qilib olishdi.
Jizzaxlik, Oqqo’rg’onlik, Xalqobod, Ravalliq, Zilol, Olmazor, O’ratepalik mahalla fuqarolar yig’inlari aholisi bilan bo’lgan muloqotlar davomida asosan tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish uchun imtiyozli kredit ajratilishida yordam so’raldi. Xuddi shunday, ishga joylashish, yo’l harakatini tartibga solish, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti imkoniyatlarini kuchaytirish, kommunal sohadagi muammolar bo’yicha talab va takliflar bildirildi.
Mazkur murojaatlarni Jizzax shahri hokimi Komil Xolmurodov hamda tegishli tashkilot va korxonalar mas’ullari tomonidan hal qilish choralari ko’rildi. Xususan, tadbirkorlik faoliyatini yo’lga qo’ymoqchi bo’lgan Ravalliq mahallasida yashovchi Muhabbat Ochilovaga tikuv mashinasi topshirildi.
Sayyor qabul davomida mamlakatimiz Prezidenti boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan aholining turmush darajasini yuksaltirish, mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. SHuningdek, yig’ilishda tashkilot va korxonalar rahbarlari hamda fuqarolar yig’inlari faollari ishtirokida Jizzax shahrida tozalik va ko’kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etishga oid masala ham ko’rib chiqildi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.