3 Dekabr 2021 yil 410

Bellashuvlarda forishliklar g’olib bo’ldi

Ayni kunlarda Ichki ishlar vazirligining tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo’linmalarida “Kasbiy tayyorgarlik oyligi” o’tkazilmoqda. Oylik doirasida Jizzax shahar ichki ishlar boshqarmasi hamda Forish tumani ichki ishlar bo’limi xodimlari bir necha sport turlari bo’yicha bellashdilar.

Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik litseyida o’tgan musobaqa ochilishida so’z olganlar yurtimizda ommaviy sportni rivojlantirish, musobaqaning ahamiyati va maqsadi xususida to’xtaldi va ishtirokchilarga omad tilashdi. SHundan so’ng bellashuvlar boshlandi. Dastlabki, voleybol bo’yicha uchrashuv qizg’in va murosasiz kechdi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog’lom turmush tarzini keng tadbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmoni, Ichki ishlar vazirining 2018 yil 17 yanvardagi “Ichki ishlar organlarida xizmat, jangovar, jismoniy va axloqiy-psixologik tayyorgarlik mashg’ulotlarini o’tkazish qoidalarini tasdiqlash to’g’risida”gi buyrug’i hamda 2021 yil 12 noyabrdagi “Ichki ishlar organlari tizimida kasbiy tayyorgarlik oyligini o’tkazish to’g’risida”gi farmoyishi asosida uyushtirilgan bellashuvda Forish tumani ichki ishlar organlari jamoasi g’oliblikni tantana qildi. SHuningdek, sportning 100 metrga yugurish, to’sinda tortilish, arqon tortish hamda mini futbol turlari bo’yicha musobaqalarda ham mehmonlar g’olib bo’ldi.

Ta’kidlash joiz, bugungi kunda xodimlarning intellektual bilimlarini oshirish, ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirish, ulardagi vatanparvarlik tuyg’ularini kuchaytirish maqsadida boshlang’ich kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash hamda malaka oshirish tadbirlari belgilangan talab va me’yorlar asosida o’tkazilayapti.

“Kasbiy tayyorgarlik oyligi” doirasida sport musobaqalarining shaxmat turida Jizzax shahar ichki ishlar boshqarmasi xodimiga teng keladigani topilmadi. Qurollarni to’liqsiz qismlarga ajratish va yig’ish bellashuvida qatnashchilar bir xil natija ko’rsatib, durrang qayd etildi.

Bundan tashqari, zakovat bellashuvida ham Forish tumani ichki ishlar bo’limi jamoasi birinchilikni egalladi. Sport tadbiri ma’naviy-ma’rifiy tadbirga ulandi. CHunonchi, xodimlar Jizzax shahridagi SHarof Rashidov yodgorlik muzeyida bo’lib, atoqli davlat arbobi va yozuvchi hayoti bilan yaqindan tanishishdi.

Text to speech