Ekologik tozalikka barchamiz mas’ulmiz
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar rejimiga rioya etilishi, o’simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, ayni yo’nalishdagi qonunbuzarliklarning oldini olish bugungi dolzarb masalalardan hisoblanadi. SHu ma’noda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlari viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bilan hamkorlikda ekoreyd uyushtirib, targ’ibotlar olib borilmoqda.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi hamda viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida shu yil 24 avgust kuni ekologiya holatini yaxshilash, daraxtlar muhofazasini samarali tashkil etish va yashil hududlarni kengaytirish yuzasidan o’tkazilgan videoselektr yig’ilishida berilgan topshiriqlar yuzasidan qo’shma chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlangan.
Ushbu reja asosida nazorat-reyd va targ’ibot tadbirlari uyushtirilmoqda. Asosiy e’tibor noqonuniy ravishda ov qilish, yovvoyi holda o’suvchi o’simliklarni yig’ib-terib viloyat hududidan olib chiqish va kiritishga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashishga qaratilayapti. SHu bilan birga tabiatga zarar yetkazishi mumkin bo’lgan omillarning oldini olish choralari ko’rilmoqda. CHunonchi, savdo va xizmat ko’rsatish hamda ovqatlanish shahobchalari atroflariga to’plangan chiqindilarni olib chiqish va zararsizlantirish bo’yicha mas’ullar ogohlantirildi. Atrof tozaligiga e’tibor qaratish, barg-xazon, o’simlik qoldiqlari va boshqa chiqindilarni yoqmaslik, aks holda ma’muriy javobgarlik belgilanishi tushuntirildi.
Daryo o’zanlaridan qum-shag’al aralashmasi, qir va adirliklardan toshlarni qazib olish va tashib ketish uchun javobgarlik belgilangan. Biroq ayrim yuk tashish avtomashinalarida ushbu qoidaga amal qilinmayapti. Mazkur nazorat-reyd tadbirida aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.
Bu kabi ekoreydlar muntazam tashkil etilib borilayapti. Daraxtlarni kesish, chiqindilarni belgilanmagan joylarga to’plash, tashlab ketish, yoqib yuborish, noqonuniy ov qilish kabi holatlar bo’yicha qonunbuzarlarga tegishli jazo choralari ko’rilayapti.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati