Hokim profilaktika inspektorlari bilan uchrashdi
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida SHarof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo’tayev profilaktika inspektorlari bilan uchrashdi.
Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov ishtirokida o’tgan tadbirda sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar mahallalar kesimida tahlil qilindi. Bu jarayonda qonunbuzarliklarning sabab va omillariga e’tibor qaratilib, huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish, aholi murojaatlari bilan ishlashga yangicha yondashish, profilaktika inspektorlarining davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorligini kuchaytirish masalalariga to’xtalib o’tildi.
SHuningdek, profilaktika inspektorlarining xizmat faoliyati va ish samaradorligini oshirishga oid takliflar bildirildi. CHunonchi, aholi sonidan kelib chiqqan holda tumandagi “Qahramon” va “Toqchilik” mahallalarini ikkiga ajratish, mahalliy byudjet hisobidan profilaktika inspektorlari uchun 8 ta xizmat uyi qurish, 2 ta xizmat uyini ta’mirlash, soha vakillariga 5 ta komp’yuter jamlanmasi ajratish, tuman IIB jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya guruhi xodimlari 2 ta xizmat xonasi bilan ta’minlanishi ma’lum qilindi.
Xuddi shunday, viloyat narkologiya dispanserining tuman bo’limini tashkil qilish taklifi ham ma’qullandi. YAkunda huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashishga doir rejalar belgilab olindi.