Ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylar salomatligi tibbiy ko’rikdan o’tkazildi
Butun insoniyatga tashvish keltirgan koronavirus pandemiyasi sharoitida mamlakatimiz tibbiyot xodimlari ham aholi salomatligini saqlash yo’lida jonbozlik ko’rsatdilar. Infeksiya tarqalishining oldini olish, bemorlarni davolash yo’lida bor bilim va mahoratlarini namoyon etishdi. Ichki ishlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan chuqurlashtirilgan tibbiy ko’rik ham pandemiyadan keyin muammoli kasalliklarni o’rganish, davolash, tibbiyot xodimlarining o’zaro hamkorligini yanada kengaytirishga qaratildi.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tibbiyot bo’limida o’tgan ko’rik avvalida tibbiyot xodimlari sog’liq saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar xususida gapirib, kasalliklarni barvaqt aniqlash va o’z vaqtida davo choralarini ko’rish masalalarini muhokama qildilar. SHuningdek, Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi tibbiyot muassasalarida yaratilgan sharoitlar va qulayliklar haqida ham ma’lumot berildi. Bu kabi tibbiy tadbirlar xodimlarning o’zaro malaka va tajriba almashishlarida ham muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
“Salomatlik poyezdi” nomi ostidagi xayrli tadbirda viloyat ichki ishlar organlari xodimlari, soha faxriylari, ishchi-xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirok etdilar. Asatulla Tojiboyev ko’p yillar aholi osoyishtaligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish sohasida xizmat qilib, bugun farzand-u nevaralari ardog’ida. Tibbiy ko’rikda otaxon shifokorlar qabulida bo’lib, salomatligidagi muammoga yechim topdi.
Darhaqiqat, o’z vaqtida o’tkazilgan tibbiy ko’rik salomatlik garovidir. SHu ma’noda xalqimiz tinchligini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish yo’lida xizmat qilayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining salomatligini saqlashga qaratilgan tibbiy tadbir ayni muddao bo’ldi deyish mumkin. Mazkur ko’rik davomida kardiolog, nevropatolog, kardiovizor, urolog, endokrinolog, jarroh, gastroenteriolog kabi mutaxassislaridan iborat malakali shifokorlar xodimlarga sog’lom turmush tarzi bo’yicha ham tushuntirish ishlarini olib bordilar.
CHuqurlashtirilgan ko’rik davomida salomatligini yo’qotgan ichki ishlar organlari faxriylarining yashash uylariga borilib zarur tibbiy yordam ko’rsatildi. SHu bilan birga, Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi davolash-profilaktika muassasalari va tibbiyot bo’limida davolanish hamda diagnostik tekshiruvlardan o’tish bo’yicha maslahatlar ham berildi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati