Jamoa shartnomasining ijrosi muhokamada
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari birlashgan kasaba uyushmasining 2021 yilda jamoa shartnomasi bajarilishiga bag’ishlangan hisobot yig’ilishi bo’lib o’tdi. Tadbirda viloyat ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari boshlang’ich kasaba uyushma tashkilotlari raislari va a’zolari ishtirok etishdi.
Yig’ilishda o’tgan yilda ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan xodimlar o’rtasida ijtimoiy, iqtisodiy, mehnat va kasbga oid munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan jamoa shartnomasida belgilangan talablarning bajarilishi xususida ma’lumotlar berildi. Ta’kidlanishicha, viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari birlashgan kasaba uyushmasining asosiy e’tibori shaxsiy tarkibning ijtimoiy muhofazasi va huquqiy himoyasini ta’minlash, xizmat intizomi va qonunchilik buzilishining oldini olishga qaratilgan.
Tadbirda samarali xizmat uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishi borasida qilingan ishlar, o’z vazifasiga vijdonan yondashib, sadoqat bilan xizmat qilgan xodimlar, moddiy ko’makka muhtoj ichki ishlar organlari xodimlarining oilalari qo’llab-quvvatlangani bildirildi. Yil davomida faxriylar holidan xabar olinib, xodimlarning e’tiborga molik qadamjolar, ziyoratgoh va tarixiy obidalarga sayohati tashkil qilingan. Hisobot davrida yuksak kasbiy mahorati, harbiy va vatanparvarlik xislatlari, burchiga sadoqatini namoyon etgan, huquq-tartibotni ta’minlash ishidagi alohida xizmatlari uchun xodimlar davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
Yig’ilishda birlashgan kasaba uyushma raisi tarkibdagi boshlang’ich tashkilotlar, a’zolar, tushum va harajatlar haqida ma’lumot berdi. Xususan, ichki ishlar organlari xodimlarini moddiy va ma’naviy qo’llab–quvvatlangan. Xizmat vaqtida halok bo’lgan xodimlarning oilalariga g’amxo’rliklar ko’rsatilgan. SHuningdek, xodimlar va ularning ota-onalari sog’lomlashtirildi, sihatgohlarga yo’llanmalar berildi.
Yig’ilishda 2022 yil uchun tuzilajak jamoa shartnomasi bo’yicha takliflar bildirildi. Jamoa shartnomasining ijrosi muhokamasiga bag’ishlangan tadbir yakunida tegishli qaror qabul qilindi.