22 Aprel 2022 yil 485

Kuchlilar jizzaxda sinaldi

18-22 aprel’ kunlari Jizzax viloyatining Forish tumanidagi harbiy poligonda Qoraqalpog’iston Respublikasi IIV, Toshkent shahri, viloyatlar IIB tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar batal’on va otryadlari, IIV qorovul qo’shinlarining maxsus vazifalarni bajaruvchi tezkor otryadi hamda IIV jazoni ijro etish departamentining tezkor harakatlanuvchi otryadi terma jamoalari ishtirokida ko’pkurash o’tkazildi.

Musobaqaning ochilish marosimida so’zga chiqqanlar mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek ichki ishlar organlari xodimlarining intellektual, jismoniy va jangovar tayyorgarligini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar haqida to’xtaldilar.

Musobaqa davomida 18 ta terma jamoa “Minora”, “Taktik voqea”, “Hujum”, “Umumharbiy to’siqlar yo’lagidan o’tish”, “Ofitserni qutqarish” “10 kilometr masofani bosib o’tish” shartlari asosida kuch sinashdi. Ushbu an’anaviy ko’pkurash musobaqasi ishtirokchilari soni yildan yilga ortmoqda. CHunonchi, IIV jazoni ijro etish departamentining tezkor harakatlanuvchi otryadi hamda Farg’ona viloyati IIBning So’x tumanida faoliyat olib borayotgan tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi terma jamoalari bellashuvlarda ilk bor qatnashdi. Xuddi shunday, musobaqada respublika Davlat xavfsizlik xizmati, IIV xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni ta’minlash qo’shinlari qo’mondonligi, respublika Milliy gvardiyasi qo’mondonligi maxsus otryadlari vakillari kuzatuvchi sifatida hozir bo’ldilar.

Aytish joiz, musobaqaning yopilish marosimi tantanali tarzda tashkil etildi. Tadbirda Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov, Mudofaa vazirligi jangovar tayyorgarlik bosh boshqarmasi boshlig’i, polkovnik Rahmatulla Rahmonov hamda IIV maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari, polkovnik Sunnatali Abdukadirov g’oliblarni qutladi.

Natijalarga keladigan bo’lsak, poytaxt jamoasi 1- o’rinni, mezbonlar 2- o’rinni qo’lga kiritdilar. Teng miqdorda ochko jamg’argan Toshkent, Navoiy va Surxondaryo viloyatlari vakillariga 3- o’rin nasib qildi. Zafar sohiblari kubok va qimmatbaho sovg’alar bilan taqdirlandilar. Eng ilg’orlar alohida rag’batlantirildi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.

Text to speech