29 Aprel 2022 yil 524

Muammolar yechim topmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati Mirzacho’l tumani G’alaba mahalla fuqarolar yig’inida yashovchi bir necha xotin-qizning turar joylari yomg’irli kunlarda zax tortib, devorlari yorilayotgani, binolarning sifatsiz qurilganligiga oid murojaatlari tarqaldi. Ma’lumot o’rnida aytish kerak, ushbu ayollarning barchasi muqaddam tuman markazidagi vaqtincha yashashga mo’ljallangan barak uylarda istiqomat qilishgan. 2018 yilda Gagarin shahrida ko’plab binolarning qaytadan barpo etilishi natijasida ular kredit asosida yangi qurilgan turar joylar bilan ta’minlanganlar.

Ammo loyihalash hamda qurilishdagi nuqsonlar sabab bir qancha uyda ayollar ijtiomiy tarmoqda bayon qilganidek vaziyat yuzaga kelgan. SHu ma’noda Jizzax viloyati va Mirzacho’l tumani sektorlari, qurilish, kommunal, arxitektura va loyihalash yo’nalishidagi tashkilot va korxonalar rahbarlari Gagarin shahrida yig’ildilar. Tadbir davomida turar joylardagi nuqsonlarni bartaraf etish choralari belgilab olindi.

CHunonchi, tegishli mutaxassislar tomonidan binolarning ta’mir xarajatlarini aniqlash va qisqa muddatlarda uylardagi yashash sharoitlarini o’nglash, shuningdek kamchiliklarga yo’l qo’ygan qurilish korxonalari hamda uylar sozligi to’g’risida xulosa bergan mas’ullarni tegishli tartibda javobgarlikka tortish masalasi ko’rib chiqildi. Xuddi shunday, quruvchilarning aybini ochib qo’ygan uzluksiz yomg’ir sabab to’plangan suvni tortish uchun lotoklar o’rnatish va quvur yotqizib, mavjud drenajga ulash yoki yangi drenajni yuzaga keltirishga kelishib olindi. YAkunda G’alaba mahalla fuqarolar yig’inidagi muammolarni bartaraf etish maqsadida tuzilgan ishchi guruhining birinchi galdagi vazifalari muhokama qilindi.

So’ng yig’ilish qatnashchilari zarar ko’rgan bir necha xonadonlarni ko’zdan kechirdilar. SHu yerda fuqarolar bilan muloqotlar o’tkazildi. Ularning fikrlari tinglanib, turar joylarni ta’mirlash va yog’in suvlari bosishining oldini olish bo’yicha qilinajak ishlar haqida ma’lumot berildi. Aytish joiz, ayni vaqtda turar joylarni bosqichma bosqich ta’mirlashga kirishilgan. Sanoqli kunlarda kamchiliklar aniqlangan barcha turar joylarda quruvchilar faoliyat ko’rsata boshlaydi.

YAna bir ma’lumot: 2021 yilda 47 ta oilaning ehtiyojmandligi inobatga olinib, to’lanmagan kredit to’lovlarini so’ndirish uchun byudjetdan 1 milliard 209 million so’m to’lab berilgan. Aholi bilan muloqotlarda mazkur uylarda yashovchi oilalar vakillarini ishga joylashtirish choralari belgilanishi ma’lum qilindi. Qisqasi, g’alabaliklar muammolariga yechim toshish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.

Text to speech