Pirotexnika vositalarini pullamoqchi bo’lganlar fosh bo’ldi
Jizzax shahri Qaliya mahallasi yashovchi I.N. noqonuniy ravishda 3 dona “7 shots” nomli pirotexnika vositasini 540 ming so’mga sotgan vaqtida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi. Surishtiruv davomida ushbu shaxs mazkur vositalarni SHarof Rashidov tumani Nurafshon mahallasida yashovchi S.A.dan olganligini bildirdi.
SHu sababli S.A. faoliyat ko’rsatadigan Jizzax shahridagi “Grin kard” binosi xolislar ishtirokida ko’zdan kechirildi. Ushbu jarayonda 7 dona “7 shots” hamda 5400 dona “Treniya” nomli pirotexnika vositalari topildi.
Xuddi shunday soha vakillari Zomin tumani hududidagi “YAkkabog’-15” YPX maskanida Zomin tumani Dashtobod shahri Bunyodkor mahallasida yashovchi SH.U. boshqaruvidagi “Matiz”ni to’xtatib, tekshirganlarida avtoulov yukxonasida 8 dona “Fitul”, 8 ming 400 dona “Britanik” hamda 72 dona “Novinka” nomli pirotexnika vositalari borligi aniqlandi. Holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Umuman olganda soha vakillari tomonidan bu yo’nalishda 38 ta qonunbuzarlik aniqlanib, jami 23 million 501 ming so’mlik 62 ming 261 dona pirotexnika vositalari olingan.