16 Mart 2021 yil 1108

Qotillik jinoyati keng muhokama qilindi

Zomin tuman G’afur G’ulom mahallasida istiqomat qiluvchi 1962 yilda tug’ilgan fuqaroning jasadi yashash uyida tan jarohatlari bilan topildi. Hududda tungi xizmatni o’tayotgan tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan aniqlangan holat yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishi qo’zg’atildi.

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tuman markazidagi bolalar musiqa va san’at maktabida ushbu hodisa yuzasidan o’tkazilgan muhokamada faollar, yoshlar, korxona va tashkilotlar rahbarlari, sektorlar mas’ullari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirok etdilar.

Yig’ilishda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov, viloyat prokurori Islomjon Ergashxodjayev, Zomin tumani hokimi Alisher Abdug’aniyevlar mazkur mudhish hodisaga oid tafsilotlarni ma’lum qildilar.  

CHunonchi, marhumning ichkilik sabab yaqinlari bilan aloqasi uzilgani, ishlamasligi bildirildi. Sud tibbiy ekspertiza xulosalariga ko’ra fuqaroning o’limiga ko’plab jarohatlar sabab bo’lgan. Yig’ilishda bu kabi jinoyatlarning oldini olish hamda xalqimizning qo’ni-qo’shnilar xolidan xabardor bo’lishga oid qadriyatlariga amal qilish yuzasidan fikr va mulohazalar yuritildi.

Tadbirda huquqbuzarliklarga qarshi mahallabay ishlash, kriminogen vaziyatdan kelib chiqib har bir mahallaga xos qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan reja ishlab chiqish va shu asosda davlat va jamoat tashkilotlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda faoliyat yuritishlariga kelishildi. SHu ma’noda, Zomin tumanida 2020 yil va joriy yilning o’tgan davrida sodir etilgan og’ir jinoyatlar, ayollar, yoshlar va voyaga yetmaganlar ishtirokida ro’y bergan qonunbuzarliklar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Muhokamada aholining huquqiy madaniyatini oshirish, qonunlarga itoatni kuchaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Tadbir yakunida huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan ishlarni jonlantirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga kelishib olindi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech