Sayyodda sayyor qabul
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov Forish tumani Sayyod mahalla fuqarolar yig’inida sayyor qabul o’tkazdi. Sektor rahbari qabul avvalida mahalladagi 7- sonli o’rta umumta’lim maktabida hunarmandlarning buyumlari, zardo’zlik va yosh rassomlarning san’at asarlari ko’rgazmasi bilan tanishdi. Usta va hunarmandlar bilan muloqotda faoliyatni kengaytirish, o’nayotgan avlodga kasb-hunar sirlarini o’rgatishlari lozimligini ta’kidladi. SHuningdek, yoshlar o’rtasida ommaviy sport turlari va sog’lom turmush tarzini targ’ib etish borasidagi ishlarni ham o’rgandi.
Ma’lum qilinishicha, muassasada turli sport to’garaklari faoliyati yo’lga qo’yilib, shaxmat-shashka, stol tennisi va badminton, voleybol bo’yicha doimiy sport musobaqalari uyushtirilib boriladi. Sektor rahbari shu yerda maktabning faol va bilimdon, tashabbuskor o’quvchilarini taqdirladi. SHuningdek, maktab pedagogik jamoasiga kitoblar to’plami va sport jihozlari topshirildi.
SHuningdek, 3- sektor hududidagi mahallalarda yashovchi ijtimoiy himoyaga muxtoj fuqarolarning bir guruhiga sug’orish anjomlari, oliy ta’lim muassasasida ta’lim olayotgan yoshlarga shartnoma to’lovining bir qismi o’tkazilganligi haqidagi sertifikatlar berildi.
Sektor rahbarining aholi va yoshlar bilan uchrashuvida fuqarolar tomonidan qator muammolar ko’tarildi. Xususan, ushbu mahallada yashovchi Begzod Xudoyberdiyev bandlik va mahallaning ichki ko’chalarini ta’mirlashda amaliy yordam so’radi. SHerdil Qosimov esa eski qishloq vrachlik punkti binosini ta’mirlash va ishga tushirish, mahalla guzari qurilishi, Xudoyqul Otamurodov Nazarbeli qishlog’ida 4 kilometr ichki yo’llarni soz holatga keltirish, elektr tarmoqlari uchun beton ustunlar o’rnatish, aholini bir maromda tabiiy gaz bilan ta’minlash masalasini bayon etdi. Samarqand davlat Arxitektura-qurilish institutining 2- bosqich talabasi Abror Niyatov shartnoma pullarini to’lashda ko’makka muhtojligini bayon etdi.
Muloqot davomida xuddi shunday, uy-joyini ta’mirlash, ichimlik suvi, uy-joy solig’i bo’yicha tushuntirish berish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, kredit to’lovi muddatini uzaytirish kabi 20 dan ziyod masalalarga yechim izlandi. SHu bilan birga Sayyod mahalla fuqarolar yig’ini hududida turizmni rivojlantirish maqsadida 20 ta mehmon uylarini qurish uchun auksion orqali yer ajratib berish bilan bog’liq masala ham mutasaddilar ishtirokida ko’rib chiqildi.
Qabulda murojaatlarning aksariyati joyida bartaraf etilib, “mahallabay” va “fuqarobay” ish samaradorligini oshirish, aniqlangan ijtimoiy masalalarni bartaraf etish yuzasidan sektor rahbarlari va tegishli idoralar mas’ullari hamda hokim yordamchilariga topshiriqlar berildi. Ushbu muamolarning yechimi bo’yicha aniq muddatlar belgilandi.