Sayyor qabul: muammolar joyida o’rganilib hal etilmoqda
Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’.Qodirov Paxtakor tumani Nurli pangat mahallasida aholi, xususan yoshlar bilan uchrashdi. Sayyor qabul avvalida nogironligi bo’lgan bir kishiga nogironlik aravasi, bir necha xotin-qizlarga o’zini o’zi band qilish uchun subsidiya asosida tikuv moshinkasi, “YOshlar daftari”da ro’yxatda turgan bir guruh yoshlarga salomatligini tiklash, oliy ta’lim uchun shartnoma pullari, haydovchilik hamda xorijiy tillarni o’rganish kurslarida o’qishlari uchun to’lovlar amalga oshirilganligi to’g’risidagi sertifikatlar topshirildi. Sportning stol tennis turi bo’yicha viloyat miqyosida o’tkazilgan bellashuvlarda yuqori natijalarga erishgan hamda besh tashabbus doirasidagi tadbirlarda faol ishtirok etgan yoshlar viloyat IIB tomonidan diplom, faxriy yorliq hamda esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.
Tumanning Nurli pangat, Paxtakor, Dilorom, Bog’ishamol va Samarqand MFY aholisi ishtirok etgan tadbirda murojaatchilar ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy yo’nalishlardagi masalalarini hal etishda ko’mak so’rashdi. Xususan, nurli pangatlik Salifa Mirzayeva farzandining oliy ta’limda o’qishi uchun shartnoma pulini to’lash va ishga joylashish, SHuhrat Xalilov elektr tayanch ustunlarini almashtirish va transformator o’rnatish, SHukurboy Bo’riyev mahalla ko’chalaridagi oqova suv ta’minotini yaxshilash kerakligini bayon etdi.
Bundan tashqari ko’chalarni ta’mirlash, shag’al yotqizish, tikuvchilik faoliyatini kengaytirish va xom ashyo uchun kredit ajratilishi, tibbiy xodimlarining shtat birligini ko’paytirish masalalarini hal etish choralari belgilandi. Muloqot davomida bo’sh turgan yer maydonidan foydalanish, bandlik, subsidiya hamda tadbirkorlik faoliyati uchun yer ajratilishi, kadastr hujjatini rasmiylashtirish, uy-joyini ta’mirlash kabi masalalarga yechim izlandi. Har bir muammo tegishli viloyat va tuman tashkilotlari mas’ullari ishtirokida ko’rilib, ijrosini ta’minlash bo’yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Qabulda murojaatlarning aksariyati joyida bartaraf etilib, “mahallabay” va “fuqarobay” ish samaradorligini oshirish, ko’tarilgan muammolarni bartaraf qilish yuzasidan sektor rahbarlari va tegishli idoralar mas’ullari hamda hokim yordamchilariga topshiriqlar berildi.
SHu kuni Bog’ishamol mahallasida istiqomat qiluvchi YUlduz Nishonovaning murojaati ishchi guruh tomonidan joyiga chiqib o’rganildi. Ma’lum bo’lishicha, murojaatchining onasi va ukasi yordamga muhtoj va yashayotgan uyida ta’mirlash ishlari olib borilayapti. Jarayonda zarur qurilish mollari bilan ta’minlash va issiqlik tizimini yaxshilashda yordam berilishi ma’lum qilindi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati