Sektor rahbari aholi muammolarini o’rganish maqsadida muloqot o’tkazdi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov Zomin tumanida sayyor qabul o’tkazdi. Mazkur tadbirda CHilonzor mahalla fuqarolar yig’ini tarkibiga kiruvchi 5 ming 670 kishi istiqomat qiladigan YAngi hayot, Beshyuz, CHilonzor aholi punktlari vakillari qatnashdilar.
Sayyor qabul avvalida ishbilarmonlik faoliyatini kengaytirmoqchi bo’lgan 5 nafar tadbirkorga tikuv mashinalari olish imkonini beruvchi sertifikatlar, “Ayollar daftari”da turgan xotin-qizlarga subsidiya asosida 2 ta suv nasosi, “YOshlar daftari”da turuvchi ikki yigitga komp’yuter jamlanmalari topshirildi.
Tadbir davomida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus doirasida faol yoshlar viloyat ichki ishlar boshqarmasining faxriy yorliqlari va kitoblar jamlanmalari bilan taqdirlandi. YAna 5 kishining O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lish bilan bog’liq uzoq yillik orzusi ushaldi.
Aholi bilan muloqot jarayonida esa ishga joylashish, O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish, nafaqa va pensiya bilan ta’minlash, sog’likni tiklash, yo’llar ta’miri, ichimlik suvi, gaz ta’minotini yaxshilash, piyodalar yo’lagi qurish, elektr transformatorlari o’rnatish, elektr tarmoqlari tortish, uy-joyni ta’mirlash uchun qurilish materiallari ajratish, sizot suvlarini qochirish, maktab kutubxonasini boyitish kabi qator masalalar ko’tarildi.
Ushbu muammolarni barataraf etish bo’yicha 3- sektor ishchi guruhi, xususan, Jizzax viloyati hamda Zomin tumani tashkilotlari va korxonalari mas’ullariga topshiriqlar berilib, yechim topish muddatlari belgilandi.
SHu kuni 3- sektor rahbari Dashtobod shahridagi “O’zteks Jizzax” O’zbekiston – Rossiya qo’shma korxonasi qoshida ochilgan non sexi hamda maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishdi. Ma’lumot o’rnida aytish kerak, 400 ish o’rniga ega, yiliga 5,5 ming tonna ip kalava hamda 2,5 ming tonna trikotaj xom mato ishlab chiqarayotgan mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyat mahsulotlarining 70 foizi Turkiya, Rossiya va Xitoyga eksport qilinmoqda. Korxona qoshida kuniga 2 ming dona non tayyorlash quvvatiga ega sexning ochilishi 5 kishining ish bilan ta’minlanishi uchun omil bo’ldi.
Mas’uliyati cheklangan jamiyat yonginasida faoliyat boshlagan 240 o’rinli ta’lim tashkilotida esa ingliz hamda rus tili fanlari chuqurlashtirilgan tarzda o’qitilmoqda. YAna ham aniqrog’i, bu yerda 120 nafar tarbiyalanuvchi maktabgacha, yana 120 nafar o’quvchi boshlang’ich ta’lim olishi uchun eng zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Muassasada musiqa va sport zali mavjud. Aytgancha, 3- sektorda joylashgan “O’zteks Jizzax” korxonasi jamoasi 2020 yilda elektr ta’minoti bilan bog’liq muammoga duch kelganida masala viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i sa’y-harakatlari bilan hal qilingandi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.