6 May 2021 yil 513

Turnir g’oliblari munosib taqdirlandi

Jizzax viloyati ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari va hududiy bo’limlari shaxsiy tarkibi hamda Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik litseyi jamoalari o’rtasida “9- may Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan tashkil etilgan xotira turniri yakunlandi.

Viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilib, Vatan oldidagi burchini bajarish chog’ida vafot etgan xodimlar xotirasiga bag’ishlangan musobaqa 3 kun davom etdi. Musobaqa finalida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi hamda Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik litseyi futbol jamoalari uchrashdilar. Qizg’in kechgan bellashuv yakunida yirik hisob bilan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi futbol jamoasi g’oliblikni qo’lga kiritdi.

Musobaqa g’oliblarini taqdirlash tadbiriga marhum xodimlarning oila a’zolari taklif etildi. Tadbirda yurt tinchligi, el osoyishtaligini ta’minlash yo’lida aziz jonini qurbon qilgan mard o’g’lonlarning ibratli hayoti yod etilib, xotirasi hamisha barhayot ekanligi ta’kidlandi. SHuningdek, oila a’zolariga ichki ishlar xodimlari birlashgan kasaba uyushma qo’mitasining pul mukofotlari va qimmatbaho sovg’alari topshirildi.

Taqdirlash tadbirida voleybol bo’yicha o’tkazilgan musobaqa g’oliblari bo’lgan Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik litseyi, Forish va Baxmal tumani ichki ishlar bo’limlari jamoalari taqdirlandi. Futbol bo’yicha turnirda birinchilikni egallagan viloyat ichki ishlar boshqarmasi jamoasi, keyingi o’rinlarni band etgan Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik litseyi hamda patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi jamoalariga esdalik sovg’alar topshirildi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech