Huquq-tartibot organlari xodimlari engil atletikada bellashishdi
Ichki ishlar vazirligi “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyati Jizzax viloyati Kengashi tomonidan Jizzax shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida sportning engil atletika turi bo`yicha musobaqa o`tkazdi. Viloyat huquq-tartibot organlari xodimlari o`rtasida tashkil etilgan bellashuv ochilishida so`zga chiqqanlar sport tadbirining ahamiyati xususida to`xtalib, ishtirokchilarga omad tilashdi.
Mazkur bellashuvda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlari hamda hududiy bo`limlari, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi, viloyat bojxona boshqarmasi, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi, harbiy qismlar harbiy xizmatchilari g`oliblik uchun astoydil kurash olib borishdi.
Ichki ishlar vazirligi “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyati Jizzax viloyati Kengashining rejasi asosida uyushtirilgan musobaqa qizg`in kechdi. Shu ma’noda ishtirokchilar 100 metr, 400 va 3 ming metrni birinchi bo`lib bosib o`tish uchun astoydil harakat qilishdi. Birinchilikda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari munosib qatnashishdi. Yakuniy natijalarga ko`ra umumjamoa hisobida ichki ishlar organlari xodimlari birinchi o`rinni egallashdi.
Musobaqa so`nggida g`oliblar diplom hamda esdalik sovg`alari bilan taqdirlanishdi.