25 Sentyabr 2022 yil 653

Vazir o’rinbosari IIV Jizzax akademik litseyida o’tkazilgan tadbirda ishtirok etdi

Joriy yilda IIV Jizzax akademik litseyi kapital ta’mirlandi. SHu bilan birga ta’lim muassasasi hududida 400 o’rinli o’quvchilar turar joyi hamda 300 o’rinli oshxona bunyodga keltirildi. Mazkur munosabat bilan tashkil etilgan ochilish marosimida Ichki ishlar vazirining o’rinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov ishtirok etdi.

Vazir o’rinbosari dastlab litseyda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu jarayonda u sinfxonalarning anjom va vositalar bilan ta’minlanishi hamda 6 ming 618 ta o’quv va badiiy adabiyotga ega axborot resurs markazi, shuningdek elektron kutubxonada yuzaga keltirilgan imkoniyatlarga e’tibor qaratdi.  

Xuddi shunday, o’quvchilar turar joyi ko’zdan kechirildi. Mazkur binodagi har bir xona 3 kishiga mo’ljallangan va zaruriy mebellar bilan ta’minlangan. YUvinish, kir yuvish va kiyimlarni dazmollash sharoitlari mavjud. Oshxonada ham taom tayyorlash va ovqatlanish uchun qulay imkoniyatlar yaratilgan.  

SHu kuni general-mayor Azizbek Ikramovning litsey o’quvchilari bilan muloqoti bo’lib o’tdi. Uchrashuv davomida vazir o’rinbosari ulg’ayib kelayotgan avlod vakillarining bilim olishlari, kasb-hunar egallashlari va ularni ish bilan ta’minlashga qaratilgan islohotlar to’g’risida so’z yuritdi. IIV tizimidagi o’quv muassasalari faoliyatini takomillashtirish, sohada ilg’or davlatlar tajribalarini qo’llash, ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoyalash borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar ham tilga olindi. O’z navbatida Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov litseyda ta’lim sifatini yuksaltirish maqsadida bajarilishi ko’zda tutilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Aytgancha, joriy yilda IIV Jizzax akademik litseyini tamomlangan 387 nafar bitiruvchining 224 nafari oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan.           

SHu kuni o’quv muassasasida Jizzax viloyati IIB boshlig’ining o’rinbosari, podpolkovnik Hamidullo Abdullayev ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati foydalanishni boshlagan “e Jizzax baza” elektron ma’lumotlar tizimi taqdimotini o’tkazdi. Ushbu ma’lumotlar bazasi jeton raqamini kiritish orqali xodimning shaxsiga doir hamda jangovar, jismoniy, ma’naviy-ma’rifiy salohiyati, erishgan yutuqlari, attestatsiya natijalari kabi ma’lumotlarni qisqa vaqtda olish imkonini beradi. SHuningdek, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati mas’ullarini bog’lovchi videoaloqa tizimi taqdimoti uyushtirildi.

Ichki ishlar vazirining o’rinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov bilan o’tkazilgan muloqotlar davomida viloyatda amalga oshirilishi lozim bo’lgan bir qator vazifalar belgilab olindi. CHunonchi, akademik litsey hududidagi bo’sh binoda muayyan sharoitlarni yaratish orqali ichki ishlar organlari xodimlarini o’qitish, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, jangovar va jismoniy tayyorgarligini kuchaytirish hamda ularni sinovdan o’tkazish markazini bunyodga keltirish yuzasidan tavsiyalar bildirildi.     

Text to speech