27 Aprel 2022 yil 327

Yangikentda yoshlar festivali bo’lib o’tdi

Jizzax viloyati IIB tashabbusi bilan Zarbdor tumanining YAngikent qishloq fuqarolar yig’inida yoshlar festivali bo’lib o’tdi. “Besh muhim tashabbus mahallalarda” shiori ostida o’tkazilgan tadbirda hududdagi ta’lim muassasalari o’quvchilari hamda mahalla yoshlari ishtirokida shaxmat-shashka, stol tennisi, voleybol, futbol, badminton, arqon tortish bo’yicha musobaqa uyushtirildi.

SHuningdek, “Zukko kitobxon” ko’rik-tanlovi tashkil qilindi. Mazkur tanlovda hududdagi 18- sonli o’rta umumta’lim maktabida bilim olayotgan kitobxonlarning salohiyati “Men sevgan asar”, “Bahru bayt” va “Savol-javob” shartlari asosida sinovdan o’tkazildi.

Bundan tashqari Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus doirasida tasviriy san’at, arxitektura, hunarmandchilik sohasida yuqori natijalarga erishayotgan yoshlarning ijodiy ishlari ko’rgazmasi va bo’sh ish o’rinlari yarmarkasi tashkil qilindi. Xuddi shunday, YAngikent tarixiga oid qadimiy buyumlar namoyish etildi.

Festival’ davomida Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov so’zga chiqib, mamlakatimizda yoshlarning ilm olishlari uchun yaratilgan sharoitlar, ularni ish bilan ta’minlash, iqtidorlilarni qo’llab-quvvatlash bo’yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar, 3- sektor mas’ullarining yoshlar yetakchilari bilan hamkorligi to’g’risida to’xtaldi. SHundan so’ng sport musobaqalari va “Zukko kitobxon” ko’rik-tanlovi g’oliblariga diplom va sovg’alar topshirildi.

Festivalda Jizzax viloyati IIB tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi xodimlari ham ko’rgazmali chiqish qildilar. Ular qo’l jangi va jangovar qurollardan foydalangan holda g’animni bartaraf etishga oid qudratlarini namoyish etishdi.

Xuddi shunday ichki ishlar organlari kinologlari xizmat itlari yordamida qonunbuzarlar iziga tushish, qurollangan jinoyatchilarni zararsizlantirish, qurol va narkotik moddalarni topish borasidagi imkoniyatlarini ko’rsatdilar. Festival’ doirasida konsert ham uyushtirildi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.

Text to speech