Yоshlar Forish tog’ poligonida
9-may Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik litseyida qator tadbirlar uyushtirilmoqda. Navbatdagi tadbir Forish tog’ poligonida o’tdi. O’quvchi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida, burchiga sadoqatli, fidoyi va mard, jasur qilib tarbiyalash, sarhadlarimiz daxlsizligini saqlash yo’lida xizmat qilayotgan harbiylar hayoti va ularga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish maqsad qilingan tadbir davomida ishtirokchilar harbiy xizmatchilar yotoqxonasini ko’zdan kechirishdi. SHuningdek, jahon va milliy adabiyotimiz durdonalari bilan boyitilgan zamonaviy kutubxona o’quvchilar e’tiborini qozondi.
Ta’kidlash joiz, o’tgan yillar davomida ushbu maskan zamon talablariga moslashtirilib, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirishga qaratilgan eng ilg’or qulayliklar yaratildi. Buning natijasida baza infartuzilmasi yangilandi. Suzish havzasi, sport zal bugun harbiy xizmatchilar ixtiyorida. YOshlar ushbu imkoniyatlar bilan ham tanishib, zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalarni ham ko’zdan kechirishdi. Ularga ushbu qurollar va texnikalarning afzalliklari va texnik-taktik xususiyatlari haqida ma’lumot berildi.
Qayd etish joiz mazkur tadbir mamlakatimiz rahbarining 2018 yil 4 avgustdagi “O’zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilarining ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to’g’risida”gi qarori hamda Qurolli kuchlar tizimida haftaning juma kuni “Ma’naviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” munosabati bilan tashkil etildi.
Bundan tashqari, litsey o’quvchilari Jizzax shahridagi Xotira xiyobonida ham bo’lishdi. Bu maskanda ota-bobolarimizning ko’rsatgan qahramonlik va jasoratlari haqidagi bilimlarini oshirishdi va motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo’yishdi.