Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mariya Abdurahimova xonadoni bo’ldi
Zafarobod tumani “Birlik” mahallasida istiqomat qiluvchi ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mariya Abdurahimova xonadoni ham har qachongidan gavjum.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov 99 yoshli urush va mehnat faxriysi xonadoniga tashrif buyurdi. Tuman jamoatchiligi, yoshlar hamda harbiylar ishtirokidagi tadbirda boshqarma boshlig’i Respublika Prezidentining Abdurahimova Mariya yefimovnaga yo’llagan bayram tabrigini o’qib eshittirdi va prezident sovg’asini topshirdi.
Tadbir davomida mash’um urush davrlari, undan keyingi mehnat faoliyati xususida so’z bordi. Bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, hech qachon urush bo’lmasligi uchun duo qilindi.
Tadbirda harbiy orkestr tomonidan kuylar ijro etildi. YOshlar tomonidan ona-Vatanni madh etuvchi she’rlar o’qildi. Ajdodlarni, ularning yurt tinchligi va obodligi yo’lida qilgan xayrli amallarini yod etmoq, keksalarni, faxriylarni ardoqlash, ko’makka muhtojlarga yordam ko’rsatish bugun tom ma’noda milliy qadriyatimizga aylandi. Zero, inson – hayot gultoji, uning qadri, hurmati e’zozga loyiq.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati