Jizzaxda masofaviy sud amaliyoti yo’lga qo’yildi
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to’g’risida”gi Qaroriga asosan 2021 yil 1 sentyabrdan profilaktika inspektorlari vakolatiga kiruvchi ma’muriy huquqbuzarliklar bo’yicha ish yurituvi to’liq elektron shaklga o’tkazildi va profilaktika inspektorlarining sud majlislarida «masofaviy» tarzda qatnashish amaliyoti joriy etildi. Mazkur qarorning ijrosi Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi transportda xavfsizlikni ta’minlash bo’limida ham ta’minlanmoqda. SHu ma’noda xizmat xonasi veb kamera, komp’yuter jamlanmasi va boshqa axborot kommunikatsiya vositalari bilan to’liq jixozlandi va internet tarmog’iga ulandi. Sud majlislari o’tkazilishi yo’lga qo’yildi.
2021 yil 25 avgust kuni soat 17:30 lar atrofida SHarof Rashidov tumani Pastki so’loqli MFY hududidan o’tgan temir yo’lning piyodalar o’tish yo’lagidagi post maskanida Zarbdor harbiylashtirilgan o’qchilik komandasi o’qchisi N.Sirlibekov xizmat olib borayotgan vaqtida unga notanish bo’lgan fuqaro temir yo’l hududiga ogohlantirilishiga qaramasdan kirib keladi. Ushbu shaxs jamoat joyida jamiyatda yurish turish qoidalarini qasddan mensimay hech qanday sababsiz baland ovozda haqoratomuz, uyatsiz qiliqlar bilan o’qchining talablariga bo’ysinmagan.
Jizzax viloyati IIB Transportda xavfsizlikni ta’minlash bo’limi huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi profilaktika inspektorlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshirish ishlari davomida ushbu fuqaro SH.Rashidov tumanida yashovchi 1995 yilda tug’ilgan S.S. ekanligi ma’lum bo’ldi. Ushbu fuqaroning harakatlarida O’zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasida (mayda bezorilik) ko’rsatilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo’lganligi sababli, holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, 2021 yil 13 sentyabr’ kuni to’plangan hujjatlar mazmunan ko’rib chiqishlik uchun jinoyat ishlar bo’yicha SHarof Rashidov tumani sudiga elektron shaklda yuborildi.
SHu kunning o’zida Jinoyat ishlar bo’yicha SHarof Rashidov tumani sudi tomonidan Jizzax viloyat IIB transportda XTBda masofaviy tarzda sud majlisi o’tkazildi. Sudda fuqaro S.S. O’zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasiga asosan huquqbuzar deb topilib, unga nisbatan tegishli ma’muriy jazo qo’llanildi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati