7 Mart 2022 yil 591

Bayram munosib nishonlandi

8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida xodimalar, IIV Jizzax akademik litseyi, viloyat IIB tizimidagi tibbiyot bo’limi, maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda sohaning boshqa bo’g’inlarida faoliyat yuritayotgan erkin yollangan xotin-qizlar, faxriylar hamda bir qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida bayram uyushtirildi.

Tadbir avvalida IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov respublika Ichki ishlar vazirining bayram tabrigini o’qib, eshittirdi. SHuningdek, notiq xotin-qizlarning yurtimiz taraqqiyoti, xususan, ichki ishlar organlari xodimlari safida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash ishiga qo’shayotgan hissasi, ularning jamiyatdagi o’rni va rolini kuchaytirishga qaratilgan islohotlarga to’xtalib o’tdi.

So’ng turli tashkilotlar vakillari yig’ilganlarni bayram bilan qutladilar. Ijodkorlar tomonidan jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikni jilovlash taqdiriga aylangan ayollar sha’niga she’rlar o’qildi. Tadbir davomida xizmatdoshlariga har jabhada ibrat bo’layotgan xodimalar Ichki ishlar vazirining buyrug’i asosida “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun”, “O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 30 yilligi” ko’krak nishonlari, faxriy yorliq, esdalik qo’l soati hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Xuddi shunday, viloyat IIB tomonidan faol xotin-qizlar hamda xizmat davomida halok bo’lgan xodimlarning turmush o’rtoqlariga esdalik sovg’alari topshirildi. YAna bir guruh ayollar moddiy rag’batlantirildi.

Tadbirda ichki ishlar organlari xodimalari o’rtasida o’tkazilgan ko’pkurash musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan jamoa vakillari diplom va sovg’alarni qabul qilib oldilar. YAkunda viloyat san’atkorlari ishtirokida konsert uyushtirildi. Xullas, bayram sohada faoliyat ko’rsatayotgan xotin-qizlarga xush kayfiyat baxsh etdi.         

Text to speech