10 nafar mahkumga insonparvarlik tamoyili qo’llanildi
Taqdirning baland-past so’qmoqlari insonni har ko’yga soladi. Maqsad sari intilib, o’z yo’lidan og’ishmay harakat qilgan kishi murodiga yetadi. Ammo bu qiyinchiliklar oldida sarosimiga tushganlar xato qilishi hech gap emas. Adashganlarga to’g’ri yo’l ko’rsatish esa har bir kishining insoniylik burchidir. SHu ma’noda ichki ishlar organlari probatsiya guruhlari nazoratida jazo o’tayotgan shaxslarni to’g’ri yo’lga qaytarish va ijtimoiy moslashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. CHunonchi, Zomin tumani ichki ishlar organlari probatsiya guruhi xodimlari tomonidan nazorat ostidagi shaxslarning tuzalish yo’liga o’tganlarini muddatidan oldin shartli ravishda ozod etish choralari ko’rilayotir.
Jinoyat ishlari bo’yicha Zomin tuman sudining navbatdagi sayyor sud majlisida ham 10 nafar ochiqda jazo o’tayotgan mahkumlarga ishonch bildirildi. Aniqrog’i, tuman ichki ishlar organlari probatsiya guruhining jazo o’tash tartib qoidasiga to’liq amal qilib, mehnatga xalol munosabatda bo’lib kelayotgan mahkumlarni muddatidan oldin ozod qilish haqidagi taqdimnomasi sud tomonidan qanoatlantirildi.
Sayyor sud davomida jazoni ijro etish chog’ida mavjud qoidalarga rioya etish, belgilangan tartibni buzganlik uchun huquqiy jazo choralari ko’rilishi, ahloqan tuzalish yo’liga o’tgan mahkumlarga qonunchilikka asosan yengil jazo turlari qo’llanilishi tushuntirildi.