“27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i general-mayor G’.T.Qodirovning tabrigi
Hurmatli matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari!
Avvalambor, Siz aziz jurnalistlarni, sohasining jonkuyar ijodkorlarini “27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” bilan o’zim va viloyat ichki ishlar organlarining shaxsiy tarkibi nomidan samimiy tabriklayman.
Jamiyat ko’zgusi bo’lgan ushbu zahmatli kasb egalari ro’y berayotgan voqelikka teran ko’z bilan boqib, uni o’z hayoti va turmushi bilan chambarchas tasavvur etib fikrlaydigan jonkuyar insonlar, qalbi qaynoq kishilar desam, ayni haqiqatni aytgan bo’laman.
Darhaqiqat, YAngi O’zbekistonda yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo’lida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish hamda faol fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishda matbuot va ommaviy axborot vositalari muhim o’rin tutadi.
SHu o’rinda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan aholi osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish va unga qarshi kurashish borasidagi ishlari, soha xodimlari faoliyatiga hamda hududlarni-ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir materiallarni respublika hamda viloyat matbuoti, televideniye, radio va internet sahifalarida faol targ’ib etilishida benazir hissa qo’shib kelayotgan soha fidoiylariga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Fursatdan foydalanib, Siz azizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor qutlar ekanman, sihat-salomatlik, oilaviy baxt hamda yangi g’oya va ijodiy muvaffaqiyatlar tilayman! Oilangizdan farovonlik, dasturxoningizdan to’kin-sochinlik arimasin.
G’ayrat Qodirov,
Jizzax viloyati Ichki ishlar
boshqarmasi boshlig’i general-mayor