27 Iyun 2022 yil 650

“27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i general-mayor G’.T.Qodirovning tabrigi

Hurmatli matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari!

Avvalambor, Siz aziz jurnalistlarni, sohasining jonkuyar ijodkorlarini “27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” bilan o’zim va viloyat ichki ishlar organlarining shaxsiy tarkibi nomidan samimiy tabriklayman.

Ijod va tafakkurning ta’sirchan muhitida shakllanib, elu xalqimizning manfaati, kelajagini ko’zlab amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini yoritishda Muhtaram YUrtboshimiz SHavkat Mirziyoyev  ta’kidlaganlaridek, “Ommaviy axborot vositalari so’zda emas, amalda “to’rtinchi hokimiyat” darajasiga ko’tarilishi zarur. Bu - zamon talabi, islohotlarimiz talabi” degan fikrlariga monand faoliyat yuritmoqdasiz.

Darhaqiqat, ijod ahli, ayniqsa, jurnalist va blogerlar ro’y berayotgan voqelikka teran ko’z bilan boqib, uni o’z hayoti va turmushi bilan chambarchas tasavvur etib fikrlaydigan jonkuyar insonlar, qalbi qaynoq kishilardir. YAratuvchanlik va farovonlikni har qadamda ta’min etish uchun zarur bo’lgan davlat boshqaruvi hamda xalq o’rtasidagi o’zaro hamkorlikni aynan mana shu kasb egalaridagi jonkuyarlik, fidoyilik timsolida ko’ramiz desam, ayni haqiqatni aytgan bo’laman.

Ayniqsa, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar va tashabbuslarni, boshqarma axborot xizmati tomonidan soha xodimlari faoliyatiga doir materiallarni respublika hamda viloyat matbuoti, televideniye, radio va internet sahifalarida faol targ’ib etilishida benazir hissa qo’shib kelayotgan soha fidoiylariga samimiy  minnatdorchilik bildiramiz.

SHuni alohida takidlash lozimki, o’tgan davr mobaynida ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirish, axborot multimedia markazining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangilash va texnologik jihatdan modernizatsiya qilish yo’lida ulkan ishlar amalga oshirildi. Bunga javoban, viloyat ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmatida faoliyat olib borayotgan xodimlarimiz ham zimmalaridagi mas’uliyatli vazifani sidqidildan ado etayaptilar. Jumladan, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, qonunbuzarliklarga javobgarlik mavjudligini tushuntirish maqsadida soha xodimlari tomonidan videorolik, lavha va maqolalar tayyorlanib, ommaviy axbort vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda muntazam ravishda yoritib kelinyapti.

Fursatdan foydalanib, Siz azizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor qutlar ekanman, kasbingizdan doimo baraka topib. Oilangizdan farovonlik, dasturxoningizdan to’kin-sochinlik arimasin.

 

G’ayrat Qodirov,
Jizzax viloyati Ichki ishlar

boshqarmasi boshlig’i
general-mayor.

2022 yil

Text to speech