3- sektor mas’ullari tomonidan murojaatchiga ko’mak ko’rsatildi
Sektorlar kesimida ish yuritilayotgani joylarda ko’plab muammolarga yechim topishga xizmat qilmoqda, desak xato bo’lmaydi. CHunonchi, Zafarobod tumanining Pistalikent shaharcha fuqarolar yig’inida yashovchi Oqila Safoyeva Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirovning shaxsiy qabuliga kelib, turar joyini ta’mirlash uchun yordam so’radi. Tabiiyki, 3- sektor mas’ullari tomonidan murojaatchiga ko’mak ko’rsatildi.
3- sektor rahbarining shaxsiy qabulida pistalikentlik Oqila Safoyeva o’zi va turmush o’rtog’i pensiyada ekanligi hamda farzandlaridan biri nogironligini bayon qilib, turar joyini ta’mirlashga qo’li kaltalik qilayotganligini bildirdi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, holatni o’rganib, tegishli yordam ko’rsatish bo’yicha mas’ullarga topshiriq berdi.
Oradan hafta o’tmasdan ichki ishlar organlari xodimlari Zafarobod tumanining Pistalikent shaharcha fuqarolar yig’ini Fidokorlar ko’chasida yashovchi Oqila Safoyevaning uyiga 100 dona shifer va shunga yarasha reyka yetkazib berishdi. Ushbu qurilish mahsulotlari turar joy tomini yangilashga ishlatiladi.
Tez orada nafaqat Oqila Safoyevaning balki barcha pistalikentliklarning anchagina muammolariga yechim topiladi. CHunki 3- sektor hududi bo’lgan mazkur fuqarolar yig’inida yaqin kunlarda “Obod mahalla” dasturi bo’yicha bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga kirishiladi. Bu jarayonda simyog’ochlarni beton ustunlarga almaytirish, yo’llarga asfal’t yotqizish, ichimlik suvi quvurlarini yangilash, turar joylar va infratuzilma ob’yektlarini ta’mirlash, sport maydoni barpo etish kabi ishlar bajariladi.
Aytgancha, 3- sektor mas’ullari tashabbusi bilan hududdagi eskirgan 86 ta simyog’och o’rniga temir-beton ustunlar o’rnatildi. Xuddi shunday, 3- sektorga kiruvchi Nurafshon shaharcha fuqarolar yig’inida ham e’tiborga molik ishlarga qo’l urilyapti.
Xullas, ko’klam nafasi ufurayotgan ayni kunlarda yurtimizni ko’rkam, odamlar turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar yanada kengroq ko’lam kasb eta boshladi. Bu ezguliklarga ichki ishlar organlari xodimlari o’zlarining munosib hissalarini qo’shmoqdalar.