3- sektor rahbari G`ayrat Qodirov forishliklar bilan ochiq muloqot o`tkazdi
Jizzax
viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirov
Forish tumanining Oybek mahallasida sayyor qabul o`tkazdi.
Muloqotda
“Oqtepa”, “Oybek” hamda “O`zbekiston” mahalla fuqarolar yig`inida istiqomat
qiluvchi fuqarolar o`zlarini qiynayotgan muammolarini hal etishda amaliy yordam
so`rashdi. Xususan, Porasht qishlog`idagi tibbiy punktni ishga tushirish,
tabiiy gaz hisoblash uskunasini o`rnatish, ko`chalarni shag`allashtirish kabi
masalalar bilan murojaat qilishdi.
Bundan
tashqari salomatligini tiklash, yashash xonadonini tabiiy gaz va ichimlik suvi
tarmog`iga ulash, serqatnov ko`chaga yo`l belgilari o`rnatish, mahalla
ko`chalarini tungi vaqtda yoritish kabi murojaatlar mutasaddilar ishtirokida
muhokama qilindi, ularni hal etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
Qabul
davomida oliy ta’lim uchun shartnoma pulining ma’lum qismi to`langanligi, bir
martalik moddiy yordam hamda kasbga o`qish xarajatlari qoplab berilganligi
to`g`risidagi sertifikatlar o`z egalariga topshirildi. 4 nafar tashabbuskor
hudud yoshlari viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`ining faxriy yorlig`i
hamda esdalik sovg`alari bilan taqdirlanishdi.
Shundan
so`ng boshqarma boshlig`i mas’ullar bilan birga tumandagi 1- sonli DMTTning
rekonstruksiya qilingan binosi bilan tanishdi,
tarbiyalanuvchilarga Yangi yil sovg`alari ulashildi.
Shu
erda tumandagi ijtimoiy soha ob’ektlarining qish mavsumi davomida isitilishi,
zarur yoqilg`i mahsulotlari bilan ta’minlanganligi muhokama qilindi. Mavsumni
betalofat o`tkazish, is gazi bilan zaharlanishning oldini olish bo`yicha
mutasaddilarga topshiriqlar berildi.