3-sektor rahbari fuqarolar bilan shaxsiy qabul o’tkazdi
Bugun aksar rahbarlar aholi bilan muloqotlar o’tkazib, el dardini aritishga harakat qilayotir. CHunonchi, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov haftaning har shanba kuni shaxsiy qabul tashkil etib, ijtimoiy-iqtisodiy hamda huquq-tartibot sohasiga oid muammolarni bartaraf etish choralarini ko’rmoqda.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i navbatdagi shaxsiy qabulida 10 dan oshiq fuqaro bilan muloqot qildi. Mazkur jarayonda murojaatchilar tomonidan jinoiy xatti-harakat bo’yicha tergovni sifatli tashkil etish, buyurtmachi korxonadan ish haqini undirish, oliy ta’lim muassasasiga imtiyozli asosda o’qishga kirish, ishga joylashish, noqonuniy valyuta savdosi bilan shug’ullanuvchi shaxsga qonuniy chora ko’rish, imtiyozli shartlarda uy bilan ta’minlash, oila a’zosini xorijdan qaytarish kabi bir qator muammolar ko’tarildi. 3- sektor rahbari ushbu masalalarni hal qilish bo’yicha viloyat ichki ishlar boshqarmasining tergov, jinoyat qidiruv, yo’l harakati xavfsizligi, huquqbuzarliklar profilaktikasi, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish singari sohaviy xizmatlar mas’ullariga topshiriqlar berib, hal etish muddatlarini belgiladi.
Ma’lumot o’rnida aytish kerak, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i viloyatning 3- sektoridagi aholi punktlarida ham sayyor qabullar o’tkazmoqda. Mazkur jarayonda fuqarolar murojaatlaridan kelib chiqib, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkor va ishbilarmonlarni qo’llab-quvvatlash, oilaviy tadbirkorlik uchun subsidiya va kreditlar ajratish, ayollar, yoshlar va temir daftarga kiritilganlarni yer va ish qurollari bilan ta’minlash choralari ko’rilyapti.
Bu borada shahar va tumanlar hokimlarining mahallalardagi yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan hamkorlik qilinayotir. Qisqasi, Prezidentimizning sektorlar faoliyatiga oid farmon va qarorlari ijrosini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.