30 Sentyabr 2022 yil 505

3- sektor rahbari oqtoshliklar bilan muloqot o’tkazdi

Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov G’allaorol tumanining Oqtosh mahalla fuqarolar yig’inida sayyor qabul o’tkazdi. Tadbir avvalida 3- sektor rahbari 33 million so’mdan kredit olib, issiqxona faoliyatini yo’lga qo’ygan bir necha oqtoshliklarning xonadoniga bordi. SHuningdek, boshqarma boshlig’i turar joyida tikuvchilik sexi ochgan Mavjuda Abdullayevanikida bo’ldi.

Ma’lumot o’rnida aytish kerak, mazkur tikuvchilik sexi marjonbuloqlik YUlduz Tog’ayeva rahbarlik qilayotgan Marjonbuloq shaharchasida joylashgan kichik korxonaning bo’limi hisoblanadi. 43 ta ish o’rniga ega ushbu kichik korxona jamoasi tomonidan kuniga 250 dona erkaklar kurtkasi ishlab chiqarilayapti. Mahsulotning bir qismi Tojikistonga eksport qilinayotir. 3- sektor rahbari qishloq tadbirkorlari bilan muloqot qilar ekan ularga har tomonlama yordam ko’rsatilajagini bildirdi.

SHundan so’ng viloyat IIB hamda G’allaorol tumani hokimligi, tashkilot va korxonalar mas’ullari Oqtosh mahalla fuqarolar yig’ini hududida ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari hamda hunarmandchilik namunalari ko’rgazmasi bilan tanishdilar. Aytish joiz, mahalliy tadbirkorlar tomonidan tokzor ustunlari, parrandachilik mahsulotlari, kiyim-kechak va uy-ro’zg’or buyumlari tayyorlanayapti.         

Aholi bilan o’tkazilgan muloqot avvalida esa 3 kishiga nogironlik aravachasi, 2 nafar yoshga haydovchilik kursida o’qish, 5 nafar talabaga oliy ta’lim muassasasi kontrakt to’lovining to’lanishi, yana 2 kishiga issiqxona barpo etish uchun kredit ajratilganligiga oid sertifikatlar topshirildi. Ikki nafar o’quvchi bo’lsa sektor rahbaridan maktab formasini qabul qilib oldi. Xuddi shunday, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus doirasida faol yoshlar tashakkurnoma va sovg’alar bilan rag’batlantirildi.

Sayyor qabul davomida ichimlik suvi va elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash, turar joy qurish hamda dehqonchilik va fermerlik bilan shug’ullanish uchun yer maydoni ajratish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, tibbiy va moddiy ko’mak olish, ichki yo’llarni ta’mirlash yuzasidan talab va takliflar bildirildi. Mazkur masalalar tegishligiga ko’ra 3- sektor mas’ullari, hokimlik, hududdagi tashkilot, korxona va muassasalar mutasaddilari tomonidan hal etilishiga kelishib olindi. Bundan tashqari aholi tomonidan ko’tarilgan muammolarning ayrimlari mahallada kelasi yili amalga oshiriladigan “Obod qishloq” dasturi doirasida to’la yechim topishi ma’lum qilindi.

SHu kuni 3- sektor ishchi guruhi Oqtoshdagi bir necha turar joylarda bo’lib, sayyor qabulda ko’tarilgan masalalarni o’rgandi va muammolarni hal etishga doir chora-tadbirlar belgilab olindi.

Text to speech