3- sektor rahbari Arnasoyda sayyor qabul o’tkazdi
Yer bilan tillashib undan maqsadli foydalanayotgan arnasoyliklar bugun ko’pchilikni tashkil etadi. Buni birgina tuman markazidagi Bobur mahallasi misolida ham ko’rish mumkin. Ahmad Murodov ham joriy yilning boshida 2 sotixdan ziyod maydonda issiqxona tashkil etdi. Ushbu issiqxona uchun 3- sektor tomonidan qariyb 19 million so’mga yaqin kredit olinishida ko’mak berildi. Dastlab issiqxonada pomidor yetishtirilgan bo’lsa hozirda bodring parvarishlanayapti. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i Arnasoy tumanida o’tkazgan sayyor qabuli avvalida ushbu xonadonda bo’lib, oila a’zolari bilan suhbatda bo’ldi.
Ma’lum bo’lishicha, xonadonda har bir qarich yerdan unumli foydalanish choralari ko’rilmoqda. Xususan, sarimsoq piyoz ko’kartirib olingan. Bundan tashqari kartoshka ekish uchun yer tayyor holatga keltirilgan.
Xuddi shunday Eshpo’lat Umrzoqov o’tgan yili 3- sektor yordamida 30 million so’m kredit olib, limonariya tashkil etgan. Bugunga kelib ko’chatlar hosil bera boshladi. Sektor rahbari ushbu xonadonda ham bo’lib, shu yerda mahalladagi hokim yordamchisi va faollarga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo’yicha ko’rsatmalar berdi.
Ta’kidlash joiz, hududda ishbilarmonlik farovonlik kaliti ekanligini yaxshi biladiganlar ko’plab topiladi. Nilufar Jonzoqova ham shunday tadbirkorlardan. U 20 million so’m kredit asosida “Nilufar olam chevari” oilaviy tikuvchilik korxonasi faoliyatini yo’lga qo’ydi. Natijada 4 kishi ish bilan ta’minlandi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i ushbu korxonada ham bo’ldi. Tadbirkorning kelgusidagi rejalari bilan tanishib, faoliyatini yanada kengaytirish bo’yicha o’zining tavsiyalarini bildirdi.
Sayyor qabul doirasida sektor hududidagi mahallalarda yashovchi nogironligi bo’lgan ikki kishiga nogironlik aravasi, “Ayollar daftari”da ro’yxatda turgan bir necha xotin-qizlarga tikuv moshinkasi, 8 nafar yoshlarga o’zini-o’zi band qilishi uchun subsidiya asosida tikuv moshinkasi va qandolatchilik pechlari olish uchun sertifikatlar berildi. 5 nafar tashabbuskor yoshlar va bir guruh fuqarolar esa viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining faxriy yorliq hamda sovg’alari bilan taqdirlandi.
Sektor rahbarining aholi va yoshlar bilan muloqotida “Bobur”, “G’oliblar”, “G’.G’ulom”, “Oltin vodiy”, “Gulbahor”, “CHo’lquvar”, “Toshkent” mahallalarida istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan qator muammolar ko’tarildi. Xususan, Lobar Tog’aymurodova o’zini-o’zi band qilishda, Baxmal Suyarov esa mahallasidagi tabiiy gaz ta’minoti bilan bog’liq muammoni hal etishda ko’mak so’rashdi. SHuningdek, Samatilla Odilov Gulobod ko’chasiga yog’ingarchilik oqibatida to’planadigan suvni bartaraf etish, Anvar Ismoilov Oltin vodiy mahallasining CHo’lpon ko’chasini obodonlashtirish lozimligini bayon qildi. Muloqot davomida yoshlarni rag’batlantirish, salomatlik, xonadonni tabiiy gaz tarmog’iga ulash, yashash uyining tom qismini ta’mirlash, elektr tayanch ustunlarini yangilash, ko’chalarga shag’al yotqizish, uy-joy ajratilishi, oliy ta’lim uchun shartnoma pulini to’lash, imtiyozli kredit olinishi kabi masalalarga yechim izlandi. Har bir masala tegishli viloyat va tuman tashkilotlari mas’ullari ishtirokida ko’rilib, ularning ijrosini ta’minlash bo’yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Qabulda murojaatlarning aksariyati joyida bartaraf etilib, “mahallabay” va “fuqarobay” ish samaradorligini oshirish, aniqlangan ijtimoiy masalalarni bartaraf etish yuzasidan sektor rahbarlari, mas’ullar hamda hokim yordamchilariga topshiriqlar berdi.
SHu kuni Latofat Ravshanovaning murojaati ishchi guruh tomonidan joyiga chiqib o’rganildi. Qayd etilishicha, tuman hokimligi ajratgan ijtimoiy uyda ta’mirlash ishlari oxiriga yetkazilmagan. Uyni pol qilish, eshik o’rnatish, derazalarni almashtirish zarur.
Xuddi shunday, Maqsuda Haydarovaning yashash uyi tom qismini ta’mirlash lozim. Oila esa moddiy yordamga muhtoj. O’rganishlar davomida ushbu masalalarni hal etishga qaratilgan tadbirlar belgilab olindi.
Aytish joiz, sektor hududidagi mahallalarda infratuzilmani yaxshilash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, G’oliblar hamda G’afur G’ulom mahallalari o’rtasidagi Mirzo Ulug’bek ko’chasi betonlashtirilayapti. Bu kabi ishlar reja asosida boshqa hududlarda ham davom ettirilayapti.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati