3- sektor rahbari Gulistondagi ijtimoiy soha ob’yektlarida bo’ldi
Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov Zomin tumanining Guliston mahalla fuqarolar yig’iniga tez-tez kelib turadi. CHunki mahalla 3- sektorda joylashgan. Qolaversa, hududdagi 30- sonli o’rta umumta’lim maktabi viloyat IIB otalig’ida.
SHu ma’noda, boshqarma boshlig’i mahalladagi ijtimoiy soha ob’yektlari bilan tanishuvni maktab jamoasi bilan muloqotdan boshladi. Mazkur jarayonda ta’lim sifatini oshirish, yoshlarning oliy o’quv yurtlarida bilim olish ko’rsatkichlarini yaxshilash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalariga e’tibor qaratildi. O’z navbatida 6 nafar faol o’qituvchi Jizzax viloyati IIB boshlig’ining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.
Tadbirda obodonlashtirish masalasi ham ko’rib chiqildi va maktab hovlisiga ekish uchun viloyat IIB hisobidan 10 ming tup terak ko’chati keltirilishi bildirildi. Ma’lumot o’rnida aytish kerak, 2021 yilda ushbu o’quv muassasasi kapital ta’mirdan chiqarilgandi. Tabiiyki, ichki ishlar organlari xodimlari o’z otaliqlarida bo’lgan ta’lim dargohida qulay sharoitlar yaratilishiga hissa qo’shdilar. Bu yordam hashar, zaruriy texnikalarni jalb etish hamda qurilish mahsulotlari bilan ta’minlash ko’rinishida bo’ldi.
Muallimlar bilan uchrashuvdan so’ng viloyat IIB boshlig’i mahalla fuqarolar yig’ini raisi va hokim yordamchisi bilan birga qurilishi yakunlanish arafasida bo’lgan 120 o’rinli maktabgacha ta’lim tashkilotiga bordi. Bu yerda 3- sektor rahbari ishlarni oxiriga yetkazish va muassasani zaruriy jihoz va anjomlar bilan ta’minlash yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Viloyat IIB boshlig’i “Guliston” oilaviy shifokorlik punktida amalga oshirilayotgan ta’mir ishlari sifatini ham o’rgandi. Quruvchilar bilan muloqot jarayonida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, yong’in xavfsizligi, shifokorlar va davolanuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish masalalariga e’tibor qaratildi.
SHu kuni sektor rahbari mahalladagi Xolbuvish Abdinova xonadoniga bordi. Uy sohibasi bilan suhbatdan so’ng ayolning turar joyi ta’miri uchun boshqarma hisobidan qum, shag’al va darvoza keltirilishi hamda hashar uyushtirilajagi ma’lum qilindi. 2 ming 270 nafar fuqaro istiqomat qiladigan ushbu mahalla faollari bilan muloqot davomida sektor rahbari hududdagi bo’sh turgan binoda tikuvchilik sexi faoliyatini yo’lga qo’yish, tadbirkorlik sub’yektini xom ashyo bilan ta’minlash hamda tayyor mahsulotlarni sotish bo’yicha o’z ko’magini taklif qildi. Qisqasi, tikuvchilik sexini qisqa muddatlarda ishga tushirishga kelishib olindi.
Jizzax viloyati IIB boshlig’ining aholi bilan muloqotlari mahallalarda muntazam amalga oshirilmoqda.