19 Iyul 2023 yil 463

3- sektor rahbari g’allaorolliklar bilan muloqot qildi

Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov aholi muammolariga yechim topish maqsadida G’allaorol tumanining olis Korizquduq qishloq fuqarolar yig’ini Muqri qishlog’ida sayyor qabul o’tkazdi.

Muloqotda fuqarolar o’zlarini qiynab kelayotgan qator muammolarini bayon etishib, ularni hal etishda ko’mak so’rashdi. Xususan, Turk, Muqri, SHo’rchi, Qo’riq qishloqlari hamda Marjonbuloq shaharchasi, Baxt, Oqtosh va Omonli mahallalari vakillari yo’llarga asfal’t yotqizish, shag’allashtirish, elektr tayanch ustunlarini almashtirish, transformator o’rnatish, ko’prik qurilishi hamda davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bunyod etish kabi masalalarni ko’tarishdi. Bundan tashqari salomatligini tiklash, uy-joyini ta’mirlash, moddiy yordam, bandlik, internet tarmog’iga ulanish, o’zini-o’zi band qilish hamda dehqonchilik uchun yer berilishi, aholi chorva mollarini boqish uchun yaylov yo’qligiga oid muammolar mas’ullar ishtirokida muhokama qilindi.

Sayyor qabulda har bir murojaatning ijrosini ta’minlash bo’yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Vaqt talab etadigan muasalalar ijrosi nazoratga olinib, sektor rahbarlari va tegishli idoralar mas’ullari hamda mutasaddilarga vazifalar yuklatildi.

SHu kuni 3- sektorga murojaat asosida ehtiyojmand oilalarning 7 nafariga maishiy texnika, 8 kishiga nogironlik aravachasi hamda 2 nafariga eshitish uskunasi, 1 kishiga davolanishi hamda 2 nafar yoshga safarbarlik chaqiruv rezervi uchun pul mablag’i o’tkazilgani, 1 fuqaroga imtiyozli kredit ajratilganligi haqidagi sertifikatlar topshirildi. SHu qatorda bir guruh faol yoshlar viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining faxriy yorliq hamda savg’alari bilan taqdirlanishdi.

Sayyor qabulda ko’tarilgan ayrim masalalar tadbirdan so’ng 3- sektor ishchi guruhi tomonidan joylarga chiqilib o’rganildi.

Text to speech