3- sektor rahbari SHarof Rashidov tumanida sayyor qabul o’tkazdi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov tumanidagi Tuyoqli mahalla fuqarolar yig’inida sayyor qabul o’tkazdi. Tadbir doirasida qishloq va mahallalarda yashovchi aholining ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy himoyalash borasida olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishdi.
Tumanining Tuyoqli mahalla fuqarolar yig’inida yashovchi Fahriddin SHermonov 2018 yilda 30 million so’mlik imtiyozli kredit asosida issiqxona tashkil etgan edi. Hozirda 16 sotix yer maydonidagi 4 ta issiqxonada bodring, pomidor va rediska yetishtirilayapti. O’z navbatida 10 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov sayyor qabul avvalida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha bilan atroflicha tanishdi va hududda yerdan unumli foydalanish, fuqarolar bandligini ta’minlash bo’yicha o’z tavsiyalarini berdi.
SHundan so’ng Tuyoqli mahalla fuqarolar yig’inida sayyor qabul o’tkazdi. Muloqotda Qorayantoq, Oqtoshota, Zahiriddin Muhammad Bobur, YAkkaqayrag’och, Fayzobod, Tuyoqli va Hayrabod fuqarolar yig’inlari aholisi ishtirok etdi. Tadbir avvalida 6 nafar yoshga imtiyozli kredit, yana 5 nafar yoshga oliy ta’lim muassasasiga to’lov-shartnoma pullarining 25 foizi o’tkazilganligi to’g’risida sertifikatlar, 16 yoshga to’lgan 4 nafar yoshga shaxsni tasdiqlovchi ID kartalar topshirildi. 8 nafar xotin-qizlar mikroto’lqinli pechlar va 2 nafari tikuv moshinkalarini qabul qilib olishdi. 6 nafar tashabbuskor yoshlar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Sayyor qabul davomida 15 ga yaqin fuqaro tomonidan tibbiy ko’mak ko’rsatish, turar joy qurilishi, uy ta’miri, ishga joylashish, tadbirkorlik, elektr tarmoqlari o’tkazish, transformator o’rnatish, tabiiy gaz hamda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, kredit ajratilishi va moddiy yordam kabi masalalar yuzasidan murojaatlar qilindi.
Qabulda ko’tarilgan har bir muammo bo’yicha tegishli viloyat va tuman tashkilotlari mas’ullari biriktirilib, hal etish choralari belgilandi. 3- sektor rahbari tomonidan bu kabi muloqotlar viloyatning barcha hududlarida o’tkazilmoqda.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati