3- sektor tashabbusi bilan hududlarda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda
Hududlar obodligini ta’minlash, ehtiyojmand oilalarni qo’llab-quvvatlash borasida sektorlar tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Zafarobod hamda SHarof Rashidov tumanlarida olib borilayotgan bunyodkorliklarni bunga misol keltirish mumkin.
Zafarobod tumanidagi Pistilikent shaharcha fuqarolar yig’ini hududida bugun ish qizg’in. Xususan, 3- sektor tashabbusi bilan tuman yo’llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan 3 ta ko’chani tartibga keltirish va shag’al yotqizish ishlari jadal olib borilmoqda.
SHaharchaning SHerobod ko’chasining bir kilometr masofasi joriy yilning bahor oylarida, ayni damda esa yana 700 metr joy soz holatga keltirilayapti. Aniqrog’i eni 5 metr, 20 santimetr qalinlikda shag’al yotqizilayapti. Yo’l qurilishiga 20 ta maxsus texnika jalb etilgan. 35 nafardan ziyod yo’lsozlar ko’chaning tekis va ravon bo’lishi yo’lida mehnat qilishmoqda. Bunday bunyodkorlik ishlaridan aholi mamnun.
Ko’chadagi elektr tarmoqlarining simyog’ochlari ham yaroqsiz axvolda bo’lib, ular ham beton tayanchlarga almashtiriladi.
Bundan tashqari, shaharcha fuqarolar yig’inidagi YOshlik ko’chasining 1 ming 260 metrdan ziyod, Garasha ko’chasining 600 metr qismlariga ham shag’al tashlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Bunday xayrli ishlar SHarof Rashidov tumanida ham olib borilayotir. Tumanning Madaniyat mahallasida istiqomat qiluvchi 1- guruh nogironligi bo’lgan Ortiqoy Ishanqulovaning yashash uyi ta’mirtalab holga kelganligi bois “Ayollar daftari”ga kiritildi. Xonadon viloyat ichki ishlar boshqarmasi otalig’iga olinib, shu kunlarda ko’lamli bunyodkorlik ishlari bajarilmoqda. Xususan, yo’laklarga shag’al yotqizilib, eski binolari buzilayapti. SHuningdek, yashash uyi devorlari to’liq ta’mirlanib, shifer almashtiriladi, eshik va derazalar yangilanadi. SHu maqsadda sektor tomonidan zarur shifer, yog’och kabi qurilish materiallari yetkazib berildi. Ortiqoy ona Ishonqulova esa tibbiyot muassasasiga yotqizilib, sog’lig’ini tiklashga ko’mak ko’rsatilayapti. 80 yoshni qarshilayotgan xonadon sohibi Umir bobo Xolmurodov g’amxo’rlikdan mamnun.
Xayrli ish davomida sektor tomonidan hovlida issiqxona qurish ham ko’zda tutilgan. O’z navbatida yetishtiriladigan qishloq xo’jaligi mahsulotlarining urug’lari bilan ta’minlanadi.