3- sektorda elektron kutubxonadan foydanish imkoniyatlari kengaytirilmoqda
Jizzax viloyati ichki ishlar organlari boshqarmasi tomonidan aholi o’rtasida kitobxonlikni keng targ’ib etish maqsadida 3- sektorda “QR” kodli elektron kitoblar burchaklari tashkil etilmoqda. Aholi gavjum joylarga o’rnatilayotgan bunday burchaklarda aks ettirilgan kodlar orqali kitobsevarlar o’zlariga ma’qul adabiyotni uyali aloqa vositasiga yuklab olish, shu barobarida elektron adabiyotlarni taqdim etuvchi saytlarga ulanish imkoniga ega bo’ladilar.
Birinchi bosqichda 15 ta “QR” kodli elektron kitoblar burchaklari yuzaga keltiriladi. Umuman olganda, 3- sektordagi 78 ta mahalla fuqarolar yig’inlarining barchasida ana shunday burchaklar yuzaga keltiriladi. Kitoblarga oid kod ma’lumotlarini har oyda yangilash rejalashtirilgan. Mazkur tadbir Jizzax viloyati axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Aytgancha, elektron kitoblar burchaklarida tegishliligiga ko’ra shahar va tumanlar ichki ishlar bo’limlari boshlig’ining uyali aloqa vositasi raqamlari berilgan. Bu aholining 3- sektor rahbari bilan bog’lanish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.