3- sektordagi mahalalar obod qilinmoqda
“Baxmal natural juice” MCHJ 2020 yilda faoliyat boshlagan. 120 nafar baxmalliklar mehnat qilayotgan korxonada yiliga 3 ming tonna meva qiyomi, ya’ni konsentranti ishlab chiqarilayapti. Hozirda qo’shimcha sex uchun qurilish ishlari olib borilmoqda. Ushbu sex faoliyat boshlashi bilan ishchilar soni 150 nafarga yetkaziladi. Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov tuman hokimi va mas’ullar bilan birga ushbu korxonada bo’lib, ishlab chiqarish texnologiyasi bilan tanishdi. O’z navbatida ishlab chiqarish ko’lamini kengaytirish bo’yicha ko’rilayotgan choralar ma’lum qilindi.
Tuman markazidagi 78- sonli IDUMda yangi o’quv yiligi qizg’in hozirlik ko’rilmoqda. Qayd etilishicha, ushbu muassasa o’quv yilini “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi”ning ixtisoslashtirilgan maktabi sifatida boshlaydi. Boshqarma boshlig’i ushbu ta’lim maskanida olib borilayotgan qurilish, ta’mirlash ishlarini ko’zdan kechirdi.
Ma’lum qilinishicha, muassasada zarur sharoitni yaratish uchun 5,5 milliard so’m mablag’ ajratilgan. Bugunga qadar binoning tom qismi, sinfxonalar, kutubxona, sport zal, yoritish va isitish tizimi to’liq yangilanib, atrof obod qilindi.
Viloyat 3- sektor rahbari mahallalardagi obodonlashtirish ishlarini ham o’rgandi. Ta’kidlash joiz, tumandagi 3- sektor mahallalarini obod qilish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bugunga qadar “Nurafshon” hamda “Tongotar” QFYning 2,5 km ichki yo’llari asfal’t qilindi. 6,5 km yo’lga shag’al yotqizish rejalashtirilgan bo’lib, 4 kilometrida ish bajarilgan. Beton qorishmasi bilan qoplanishi ko’zdan tutilgan 1400 metr joyning qariyb 900 metrida ish bajarildi. Bundan tashqari, elektr va ichimlik suv tarmoqlarini tortish, transformatorlar o’rnatish ishlari ham jadal olib borilayapti.
2 ta ya’ni 63- va 38- o’rta umumta’lim maktablari to’liq ta’mirlanmoqda. SHuningdek, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining sayyor qabulida ko’tarilgan 40- o’rta umumta’lim maktabi uchun sport zali qurilishiga oid masala ham hal etilib, dastur asosida ushbu maktabga sport zali qurilmoqda. Qisqasi, tumandagi 3- sektor hududini obod qilish, aholiga qulay sharoit yaratish ishlari tizimli davom etmoqda.