31 Mart 2021 yil 856

3-sektor rahbari hududlarda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov hududlarda “Obod qishloq” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

SHarof Rashidov tumani 3- sektor hududidagi “SHarilloq” mahalla fuqarolar yig’ini joriy yilda obod qilinadi. Hozirda ko’chalarni ta’mirlash, elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash borasida jadal ish olib borilmoqda. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov mahallada bo’lib “Obod qishloq” dasturi doirasida qilinayotgan ishlarni ko’zdan kechirdi. Jumladan, yoritish ustunlarini ta’mirlash va yangisiga almashtirish, ijtimoiy soha ob’yektlari barpo etish, bo’sh inshootlardan samarali foydalanish, obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Mahallada 11 ta ko’cha bo’lib, dastur asosida aholi xonadonlarini bir me’yorda tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Simyog’ochlar temir-beton tayanchlarga yangilanadi, transformatorlar o’rnatiladi.

Paxtakor tumani “Bog’ishamol” mahallasida ham obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari olib borilayapti. Aytish joizki, mahalla fuqarolar yig’ini hamda mahalla huquq-tartibot maskanining yangi zamonaviy binosini qurish ishlari boshlab yuborilgan. Boshqarma boshlig’i qurilish jarayoni bilan tanishuv asnosida hududdagi jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning asosiy quyi bo’g’ini hisoblangan mahalla huquq-tartibot maskanida yaratilishi zarur bo’lgan sharoitlarga to’xtaldi. Mas’ullarga ko’chalar obodligini ta’minlash, bu borada e’tibor qaratiladigan jihatlar tushuntirildi.

Zafarobod tumanida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi 3-sektor shtabi binosi bunyod etilmoqda. General-mayor ushbu bunyodkorlik ishlarining borishini o’rganib, quruvchilar bilan suhbatda bo’ldi. Maskanda fuqarolar hamda xodimlar uchun yaratiladigan sharoitlar, jihozlanishi bilan o’rtoqlashdi. Qurilish ishlarini jadallashtirish hamda mavjud muammolarni hal etish bo’yicha mutasaddilarga zaruriy tavsiyalar berilib, aniq vazifalar yuklatildi.

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov Zafarobod tumanidagi Nurafshon shaharcha fuqarolar yig’inida ham bo’ldi. Tuman hokimi va mas’ullar bilan suhbat chog’ida hududni obod qilish, ariq hamda zovurlarni tozalash, ta’mirlash ishlariga maxsus texnikalarni jalb etish lozimligini ta’kidladi. Bundan tashqari “Xavfsiz hudud”, “Xavfsiz hovli” konsepsiyasi doirasida rejalashtirilgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.

 

Jizzax viloyat IIB axborot xizmati

Text to speech