4 nafar shaxs O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi
Ichki ishlar organlarida fuqarolar tomonidan ko’tarilayotgan masalalarni manzilli hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. SHu ma’noda joylarda fuqarolar bilan uchrashuvlar uyushtirilayapti. Xususan, O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig’i Jizzaxda sayyor qabul o’tkazdi.
Sayyor qabuli avvalida 4 nafar shaxs O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinganligi munosabati bilan ularga identifikatsion ID kartalar topshirildi. Bir necha yillardan buyon doimiy yashash guvohnomasi bilan hayot kechirayotgan fuqarolar endilikda konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanish imkoniga ega bo’lishdi. Albatta ular bundan mamnun.
SHuningdek 16 yoshga to’lgan 4 nafar yoshlarga ham ID kartalar topshirildi. Tadbir davomida ushbu yoshlarning ilm olishlari uchun yaratilgan qulayliklar xususida so’z borib, ular kelajakda yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Muloqotda fuqarolar xorijga chiqish biometrik pasporti va identifikatsion ID karta rasmiylashtirish, O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish, tan olish, doimiy va vaqtincha ro’yhatdan o’tish kabi masalalar bo’yicha yordam so’rishdi.
Jizzax shahridagi “O’rda” bog’ida joylashgan 3-sektor shtabi binosida o’tgan qabulda har bir murojaat atroflicha o’rganilib, ularni hal etishga e’tibor qaratildi. Fuqarolar tomonidan bildirilgan va muddat talab etiladigan masalalar bo’yicha choralar belgilanib, mas’ullarga topshiriqlar berildi hamda ijrosi nazoratga olindi.
O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig’i Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda shahar va tuman bo’linmalari rahbarlari ishtirokida yig’ilish o’tkazdi. Tadbirda qonunchilik talablariga rioya etish, xizmat intizomini mustahkamlash, amaldagi me’yoriy hujjatlar asosida ish yuritish, aholi bilan muloqotda xushmuomalada bo’lish lozimligi uqtirildi.