Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirovning 21 mart - Navro`z umumxalq bayrami munosabati bilan tabrigi
Aziz hamkasblar, yurt osoyishtaligini asrash yo`lida fidoyilik
ko`rsatayotgan qadrli do`stlar!
Sizni va oila a’zolaringizni xalqimizning qadimiy va qutlug` qadriyati,
bayrami Navro`z bilan chin dildan qutlayman. Yaxshi ma’lumki, Navro`z ming
yilliklar davomida elimiz tomonidan uyg`onish, yasharish, yangilanish, ezgulik
timsoli sifatida tantana qilinadi. Qolaversa, bu ayyomda xalqimizning
mehr-oqibatga uyg`un qadriyatlari, xususan, muhtojlarga ko`mak ko`rsatish bilan
bog`liq an’analari yaqqolroq namoyon bo`ladi. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat
Miromonovich Mirziyoev ta’kidlaganidek, “Navro`z chinakam xalq bayrami, milliy
o`zligimiz ko`zgusi, ma’naviy va madaniy hayotimizning ajralmas qismidir”.
Dunyoning ko`plab davlatlarida nishonlanadigan ushbu bayramning BMT
tomonidan 21 mart — Xalqaro Navro`z kuni, deya belgilangani ham qutlug`
ayomimizning jahondagi nufuzini oshirdi. Shu o`rinda Navro`zni Yangi
O`zbekistonda kechayotgan o`zgarishlarga, mamlakatimizning siyosiy-iqtisodiy
qudratini oshirish hamda xalqimizning turmush madaniyatini yuksaltirishga
qaratilgan islohotlarga mengzagim keldi. Qutlug` ramazon oyida Navro`zni
tantana qilayotganimiz ham bu ayyomga o`ziga xos shukuh bag`ishlamoqda.
Azizlar, barchangizni Navro`zi ayyom bilan tabriklar ekanman, el-yurt
osoyishtaligi va xalqimiz hayoti farovonligini ta’minlash yo`lidagi sharafli
xizmatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Yurtimizga kirib kelgan Navro`z ulug` Vatanimizning har bir go`shasiga,
har bir uyga, har bir oilaga yaxshilik, shodlik va to`kinlik olib kirsin.
Umringiz uzoq, sog`lig`ingiz mustahkam bo`lsin, xonadoningizdan fayzu baraka
arimasin!