20 Mart 2025 yil 1536

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirovning 21 mart — Navro`z umumxalq bayrami munosabati bilan tabrigi


Qadrli hamkasblar, hurmatli faxriylar, aziz opa-singillar, barchangizni yasharish, yangilanish bayrami – Navro`z bilan qutlayman. Zero kun va tun tenglashgan, borliqni yashillik qoplagan, daraxtlar gullar bilan bezangan ayni damlar qalblarga go`zal tuyg`ularni indiradi. Shu ma’noda, xalqimiz ming yillar davomida mazkur sanani sayillar bilan nishonlaydi.

 Qolaversa, ko`klamda elimizning mehr-oqibat va saxovatdan ildizlangan qadriyatlari bo`y ko`rsatadi. Jumladan, ehtiyojmandlar holidan xabar olinadi, yaqinlar sovg`alar bilan siylanadi. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev ta’biri bilan aytganda “Navro`z chinakam xalq bayrami, milliy o`zligimiz ko`zgusi, ma’naviy va madaniy hayotimizning ajralmas qismidir”.

Shu o`rinda Navro`zni Yangi O`zbekistonda kechayotgan o`zgarishlarga, mamlakatimizning siyosiy-iqtisodiy qudratini oshirish, xalqimizning turmush madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarga mengzagim keldi. Barpo etilayotgan yuzlab sanoat korxonalari, turar joylar, o`quv muassasalari, yoshlarning bilim olish va kasb-hunar egallash imkoniyatlarining tobora kengayayotgani, tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi qulayliklar so`zlarimiz tasdig`idir.

Xuddi shunday, har birimiz ichki ishlar organlari xodimi sifatida yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan yangilanishlarga shaxsan guvohmiz. Bu o`zgarishlar texnika va vositalar ta’minoti, shaxsiy tarkibning jismoniy, jangovar va kasbiy tayyorgarligini kuchaytirish, soha vakillarini ijtimoiy himoyalashga qaratilgan chora-tadbirlarda yaqqol seziladi.

Xalqimizning ushbu boqiy bayrami dunyo miqyosida ham o`z e’tirofini topgan. Chunonchi, 2010 yilda BMT tomonidan 21 mart - Xalqaro Navro`z kuni, deya belgilangan. Qolaversa, bu yilgi Navro`z Ramazon oyida tantana qilinmoqdaki, qutlug` ayomimiz o`zgacha fayz, shukuh kasb etmoqda.

Qadrli do`stlar, barchangizni Navro`zi ayyom bilan tabriklar ekanman, el-yurt osoyishtaligini ta’minlash yo`lidagi sharafli xizmatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Yurtimizga kirib kelgan Navro`z ulug` Vatanimizning har bir go`shasiga, har bir oilaga yaxshilik, saodat va to`kinlik olib kirsin. Umringiz uzoq, sog`lig`ingiz mustahkam bo`lsin, xonadoningizdan fayzu baraka arimasin!

Text to speech