31 Dekabr 2024 yil 1441

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i, general-mayor G`. T. Qodirovning Yangi yil tabrigi

Qadrli hamkasblar, hurmatli faxriylar hamda Jizzax viloyati ichki ishlar organlari tizimidagi muassasalar xodimlari, sizlarni yurtimizga Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili sifatida kirib kelgan Yangi yil bilan chin dildan qutlayman.

 

Hurmatli do`stlar!

Ayni damlarda mamlakatimiz siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida ko`plab islohotlar va ezguliklarga guvoh bo`lgan 2024 yil bilan xayrlashib, 2025 yilni qarshi olmoqdamiz. Shu ma’noda o`tgan yili shaxsiy tarkibimiz qonunbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida sezilarli natijalarga erishganligini, qolaversa, osoyishtalikni ta’minlashga oid yangi yil rejalarimiz salmoqli ekanligini e’tirof etmoqchiman.

Yana shuni alohida ta’kidlashni istar edimki, Yangi O`zbekistonimizda Prezidentimiz rahbarligida barcha jabhalarda kechayotgan islohotlar ichki ishlar organlari tizimida ham yorqin intikosini topmoqda. Binobarin, sohaga oid qonunlar izchil takomillashtirilyapti, moddiy-texnik baza tobora mustahkamlanmoqda. Ijtimoiy himoyalash masalasi ham doimiy e’tiborda.

Birgina misol, o`tgan yili oktyabr oyida Sharof Rashidov tumanining “Kuyovboshi” mahallasida ichki ishlar organlari xodimlari uchun 56 ta yakka tartibdagi turar joy foydalanishga topshirildi. Mazkur uylarning 17 tasining boshlang`ich to`lovlari IIV tomonidan to`lab berildi. Bu yil ushbu mahallada 48 ta turar-joy, 150 o`rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda 28 o`rinli mehmonxona bunyodga keltiriladi. Qolaversa, bir nechta hududiy ichki ishlar bo`limlari binolarini yangidan qurish va kapital ta’mirlash rejalashtirilgan.

O`z navbatida soha vakillari “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish - oliy burchimiz” shiori ostida zimmalaridagi burchni bajarmoq uchun salohiyatlarini to`laligicha safarbar etmoqdalar. Yana shunisi aniqki, ichki ishlar organlari xodimlarining o`z jonlarini xatarga qo`yib, jinoyatchilikni jilovlash yo`lida fidoyilik ko`rsatayotganliklarini xalqimiz yurakdan his etadi va qadrlaydi. Shunday ekan, bu ishonchga hamisha munosib bo`lishimiz shart.  

 

Qadrli hamkasblar!

Sizlarni yana bir bor yurtimizga kirib kelgan 2025 yil bilan tabriklayman, Yangi yil elimizga faqat yaxshiliklar keltirsin. Barchangizga mustahkam sog`lik, uyingizga fayzu baraka, sharafli xizmatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

 Qutlug` ayyom muborak bo`lsin!

Text to speech