25 Yanvar 2025 yil 2504

Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo`yicha idoralararo komissiyaning yig`ilishi o`tkazildi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo`yicha idoralararo komissiyaning yig`ilishi o`tkazildi. Hududiy idoralararo komissiya raislari va a’zolari onlayn tarzda qatnashgan yig`ilishni Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`ining birinchi o`rinbosari, podpolkovnik Farhod To`ychiev olib bordi. Kun tartibidagi masala yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig`i, podpolkovnik Mirzabek Ro`ziqulov ma’ruza qildi.

Ta’kidlanishicha, mamlakatimiz rahbarining 2017 yil 14 martdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosida amalga oshirilgan ishlar natijasida huquq-tartibotni ta’minlashda ijobiy ko`rsatkichlar qayd etilib, kriminogen vaziyat sezilarli darajada yaxshilandi. Xususan, viloyatdagi 309 ta mahallaning 103 tasida jinoyat sodir etilmadi.

Yig`ilishda, shuningdek voyaga etmaganlar, yoshlar, xotin-qizlar ishtirokidagi qonunbuzarliklar, ularning kelib chiqish sabab hamda omillariga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga notinch va nosog`lom muhitdagi oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni o`rganish va huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslarni ijtimoiy moslashtirish, ishsizlikka barham berish borasidagi ishlar atroflicha muhokama etildi.

Bundan tashqari “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasidagi ishlar tahlil qilindi. O`z navbatida mahallalar ettiliklarining ijtimoiy profilaktika ob’ektlari bilan olib borayotgan ishlarida kuzatilayotgan kamchiliklar tilga olindi.

Tanqidiy ruhda o`tgan yig`ilishda ayrim idora va tashkilotlar o`zlariga yuklatilgan vazifaga etarli darajada e’tibor qaratishmayotgani tanqid qilinib, hamkorlikdagi ishlarni yanada rivojlantirish, bunda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish lozimligi qayd etildi.

Muhokama uchun so`zga chiqqan mas’ullar jinoyatchilikning oldini olish va jamoat xavfsizligini ta’minlash yo`nalishidagi yo`l qo`yilgan kamchiliklarni hal etish va davlat organlari hamda jamoat tashkilotlarining hamkorligini yanada kuchaytirishga oid fikrlarini bildirishdi. Yig`ilish yakunida kelgusida jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish, jamoat xavfsizligi va huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlashga qaratilgan vazifalar belgilab olindi.

Text to speech