Afv etilganlar bilan muloqot o’tkazildi
Joriy yilning 7 dekabrida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jazo muddatini o’tayotgan, qilmishiga chin ko’ngildan pushaymon bo’lgan va tuzalish yo’liga qat’iy o’tgan bir guruh shaxslarni afv etish to’g’risida”gi farmoni e’lon qilindi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi munosabati bilan qabul qilingan mazkur huquqiy hujjat asosida 402 nafar shaxsning bir qismi to’liq, yana bir qismi shartli ozodlikka chiqarilgan bo’lsa, boshqalarining jazo muddatlari qisqartirildi yoki yengilrog’iga almashtirildi.
Kechirilganlar orasida 18 nafar jizzaxlik bo’lib, ulardan birining jazo muddatining uchdan ikki qismi kamaytirilgan. 17 nafari esa yashash joylariga qaytdilar. O’z navbatida ushbu shaxslarni ijtimoiy moslashtirish, moddiy qo’llab-quvvatlash hamda muammolarini hal qilish maqsadida Jizzax viloyati sektorlari rahbarlarining qabuli tashkil etildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, bandlik, sog’liqni saqlash kabi tashkilotlar vakillari ishtirokida uyushtirilgan muloqot avvalida viloyat hokimi Ergash Saliyev, viloyat IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov va boshqalar mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, aholi turmush farovonligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida to’xtaldilar.
SHundan so’ng avf etilganlarning muammolari o’rganildi. Jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan shaxslar tomonidan tadbirkorlikni yo’lga qo’yish uchun kredit ajratish, o’zi yoki farzandlarini ishga joylashtirish yoxud ishga tiklanish, uy bilan ta’minlash, turar joy qurish yoki dehqonchilik qilish uchun yer maydoni ajratish, moddiy yordam olish, nogironlik nafaqasi tayinlash, davolanish kabi qator masalalar ko’tarildi. SHuningdek, afv etilganlar o’zlariga bildirilgan ishonch va ko’rsatilayotgan ko’mak uchun minnatdorchiliklarini izhor etdilar.
Yig’ilish davomida ozodlikka chiqarilganlarga sektorlar kesimida yordam ko’rsatish choralari belgilab olindi. Jumladan, har bir shaxsga murojaatiga ko’ra mas’ul tashkilotlar vakillari biriktirildi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.