Afv etilganlarning muammolari hal etilmoqda
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligi munosabati bilan “Ozodlikdan mahrum qilish jazosini o’tayotgan, qilmishiga chin ko’ngildan pushaymon bo’lgan va tuzalish yo’liga qat’iy o’tgan bir guruh shaxslarni afv etish to’g’risida”gi Prezident farmoni bilan jizzaxlik 5 nafar shaxslarga imkoniyat berildi.
CHunonchi, 4 nafari shartli ravishda ozodlikka chiqdi, bir mahkumning jazo muddati qisqartirilgan. Zarbdor tumani Bo’ston shaharchasida istiqomat qiluvchi Muhabbat Turdialiyeva afv etilgan yurtdoshlarimizdan. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi xotin-qizlar masalalari bo’limi hamda boshqarma probatsiya bo’limi mas’ullari uning yashash uyida bo’lib, mavjud muammolarini o’rganishdi.
Muloqot chog’ida Muhabbat Turdialiyeva ukasi va onasi hamda singlisining ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bilan 2 xonali uyda istiqomat qilishi va uy-joyini kengaytirish, singlisining bir nafar qizini farzandlikka olish istagini bayon etdi. Soha mas’ullari ushbu masalalar bo’yicha huquqiy tushuntirishlar berishdi. SHuningdek, ichki ishlar bo’limi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo’linmasi tomonidan ID karta rasmiylashtirildi. Bandligini ta’minlash bo’yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Bundan tashqari, tuman ichki ishlar organlari probatsiya guruhida suhbat o’tkazildi. Takroran jinoyat sodir etmaslik, mavjud qoidalarga rioya etish, odob-axloq me’yorlaridan chetga chiqmaslik, jamiyatda o’z o’rniga ega bo’lishi kerakligi uqtirildi.
Xuddi shunday, soha vakillari Jizzax shahrining Oqqo’rg’onlik mahallasida yashovchi Dildora Abdulhakimova bilan ham suhbatda bo’lib, uning 3 nafar 18 yoshga to’lmagan farzandiga nafaqa olinishida amaliy ko’mak ko’rsatildi.
Qisqasi, ichki ishlar organlari tomonidan jazoni ijro etish muassasalaridan ozodlikka chiqarilgan shaxslar o’z holiga tashlab qo’yilmayapti. YA’ni ularni ijtimoiy moslashtirish, moddiy qo’llab-quvvatlash, ishga joylashtirish choralari ko’rilmoqda. Toki ular jinoyatga qayta qo’l urmasin, jamiyatning ijobiy a’zosiga aylansin.