13 Sentyabr 2024 yil 1879

Afv etilganlar bilan muloqot o`tkazildi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida respublikamiz Prezidentining 2024 yil 28 avgustdagi “Jazo muddatini o`tayotgan, qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat’iy o`tgan bir guruh shaxslarni afv etish to`g`risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida afv qilingan 15 nafar jizzaxlik shaxslar hamda hokimliklar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va viloyat tashkilotlari mas’ullari ishtirokida muloqot o`tkazildi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirov raisligida uyushtirilgan tadbir davomida fuqarolar tomonidan o`z mutaxassisligi bo`yicha ishga joylashish, tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`yish uchun kredit ajratish hamda nafaqa tayinlash borasida yordam so`raldi.

  O`z navbatida ko`tarilgan masalalarni hal qilishga oid chora-tadbirlar belgilandi. Shu o`rinda ta’kidlash kerak, bugungacha yig`ilganlarning asosiy qismi ishga joylashtirilgan, ulardan ikki nafari oliy ta’lim muassasalarining talabasi hisoblanadi. Qolaversa, bu shaxslarning  barchasi tibbiy ko`rikdan o`tkazilgan. Ularning 11 nafariga 1 million 870 ming so`mdan bir martalik moddiy yordam ko`rsatilgan. Ayrimlariga shaxsni tasdiqlovchi ИД kartalar rasmiylashtirilgan.   

  Tadbirda afv etilgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish, ularning tadbirkorlik faoliyatlarini qo`llab-quvvatlash, profilaktik tadbirlarni sifatli amalga oshirish, xususan, afv etilgan shaxslarga biriktirilgan murabbiylarning ish samaradorligini oshirish, oilada va ish joyida ruhiy qo`llab-quvvatlash, huquqiy va psixologik yordam ko`rsatishga oid tavsiyalar bildirildi.  

Shuningdek, yig`ilganlarga viloyatdagi korxona va tashkilotlarda mavjud ish o`rinlari hamda mahalla ettiligi tomonidan ko`rsatilajak yordamlarga oid  tushunchalar berildi. Qisqasi, afv etilgan shaxslarning hayotda yana o`z o`rinlarini topishlari hamda qayta jinoyatlarning oldini olish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Tadbirda viloyat prokurori Baxtiyor Ibrohimov so`zga chiqdi.

Text to speech