18 Yanvar 2022 yil 743

Aholi murojaatlari tinglandi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov Do’stlik tumani aholisi, xususan yoshlar bilan uchrashdi. Tumandagi “Saritepa” mahallasida o’tkazilgan sayyor qabul avvalida 3- sektor rahbari tuman hokimi bilan birgalikda hududda aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash, sektordagi mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash borasidagi ishlar bilan tanishdi. Xususan, avtomashinalarga texnik xizmat ko’rsatish, baliqchilik va parrandachilik, fitnes klub faoliyati ko’zdan kechirilib, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo’yicha tavsiyalar bildirildi.

SHuningdek, tumandagi 3- sonli o’rta umumta’lim maktabida o’quvchilarning ilm olishlari uchun yaratilgan sharoitlar ham ko’zdan kechirildi. Zarur jihozlar bilan ta’minlanishi, o’quvchilarning erishayotgan yutuqlari o’rganildi. O’quvchilarning qo’l mehnati bilan yaratilgan hunarmandchilik namunalari qatnashchilarda qiziqish uyg’otdi.

Tuman hokimi o’rinbosarlari va tegishli viloyat va tuman tashkilotlari hamda sektor rahbarlari ishtirok etgan sayyor qabul avvalida “YOshlar daftari” da ro’yhatda turgan fuqarolarning 4 nafariga oliy ta’lim muassasasiga to’lov-shartnoma pullarining ma’lum foizi o’tkazilganligi hamda 2 nafariga imtiyozli kredit ajratilganligi haqidagi sertifikatlar, moddiy ko’makka muhtoj 6 nafar xotin-qizlarga maishiy texnika va oziq-ovqat mahsulotlari, 16 yoshga to’lgan 2 nafar va fuqaroligi bo’lmagan 2 nafar shaxslarga ID kartalar topshirildi. 5 nafar tashabbuskor yoshlar “Faxriy yorliq”lar bilan taqdirlandi.

Sektor rahbarining fuqarolar bilan muloqotida aholi o’zlarini qiynayotgan qator masalalarni hal etishda amaliy yordam so’rashdi. CHunonchi, vasiylikka olish, ish bilan ta’minlash, ko’chalarni ta’mirlash, sizot suvlari uchun ariq olish, piyodalar yo’lakchasi barpo etish, elektr simlari tortish, moddiy yordam, salomatligini tiklash, sport to’garagi uchun zarur inventarlar olish, bog’dorchilik uchun yer ajratish, baliqchilik uchun kredit, uy-joyining kadastr hujjati bilan bog’liq kabi qator muammolar bo’yicha qilingan murojaatlarning har biri mas’ul idora va tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida ko’rib chiqildi. Qisqasi ko’tarilgan masalalarni shu yerning o’zida hal etishga alohida e’tibor qaratilib, ijrosi vaqt talab etadigan ayrim masalalar bo’yicha yo’l haritasi ishlab chiqildi va nazoratga olindi.

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech