Haydovchilik guvohnomasini olib berish rejasi ish bermadi
Jizzax shahrining Qassoblik mahallasidagi sex ustasi Jizzax shahrining Olmazor mahallasida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, haydovchilik guvohnomasi olib berishni va’da qiladi. Avtomaktabda ishlovchi tanishlari orqali 10-15 kunda ro’yhatga qo’ydirib, o’quv mashg’ulotlariga qatnashmasdan “V” toifadagi guvohnoma uchun 1 million 200 ming so’m pul talab qiladi.
Bu haqdagi murojaat asosida viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda Ichki ishlar vazirligi O’z xavfsizlik boshqarmasi Jizzax viloyati bo’yicha bo’limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o’tkazildi.
Tadbirda usta ishxonasi oldida 1 million so’m pul, fuqarolik pasporti nusxasi va 6 dona 3x4 hajmdagi fotosu’ratlarni olgan vaqtda qo’lga olindi.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv ishlari davomida pul va fuqarolikni tasdiqlovchi hujjat nusxasi hamda rasmlar avtomaktab mas’ullariga berilishi oydinlashdi. SHu boisdan tezkor tadbir davom ettirildi va o’quv markazi mas’uli pasport nusxasi, 1 million so’m pul va fotosu’ratlarni olayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo’zg’atilgan.