7 Mart 2024 yil 3393

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i, general-mayor G`.T.Qodirovning 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Jizzax viloyati ichki ishlar organlari tizimida faoliyat yuritayotgan barcha xotin-qizlarni bugungi qutlug` ayyom bilan chin dildan qutlayman. Aziz hamkasblar, siz mehr nuringiz ila oila atalmish muqaddas qo`rg`onni charog`on etish bilan birdek elning osoyishtaligini asrashdek ezgu ishga hissa qo`shayotganingiz barchamizda cheksiz faxr va g`urur uyg`otadi. Zero qonunbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashishda ulkan matonat va irodani taqozo etadi. Ya’ni, sizning fidokorona xizmatingiz har qancha tahsinga loyiq. 

Shu o`rinda, hurmatli Prezidentimizning “Xotin-qizlar va oila masalasi – bu nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kelajagimizni ham belgilab beradigan hal qiluvchi omildir”, degan jumlasini keltirib o`tmoqchiman. Darhaqiqat, siz,

opa-singillar yosh avlodni ulg`aytirish,  jamiyatimizning barcha jabhalarida jonkuyarlik bilan mehnat qilish orqali respublikamiz taraqqiyotida muhim o`rin tutmoqdasiz. 

Yana shunisi aniqki, xotin-qizlarning, xususan, safdoshlarimizning yurt ravnaqi va el farovonligi yo`lidagi mehnatlari munosib baholanmoqda. Jumladan, 2023 yilning oktyabrida davlatimiz rahbari farmoni asosida hamkasbimiz, viloyat ichki ishlar boshqarmasi ekpert-kriminalistika markazi bosh eksperti, podpolkovnik Alyona Jumaeva “Do`stlik” ordeni, bugungi bayram arafasida esa Jizzax shahar ichki ishlar boshqarmasi 2-son IIB HPG xotin-qizlar masalalari bo`yicha katta inspektori, kapitan Gulbahor Rasulova “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandi.

Ushbu hamkasblarimiz kabi fidoyi ayollar viloyat ichki ishlar organlarining barcha sohaviy xizmatlari, IIV Jizzax akademik liseyi, viloyat IIB tibbiyot bo`limi va umuman tizim tarkibidagi boshqa muassasalarda ko`pligiga aminman.

O`z navbatida, sizlarga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman.

Umringiz uzoq, sog`lig`ingiz mustahkam, hayotingiz mazmunli bo`lsin. Oilangizni baxt, omad va fayzu baraka hech qachon tark etmasin!

Text to speech